Wildberries omborlariga dronlar zarbasi: qurbonlar va o‘nlab yaradorlar bor

Wildberries omborlariga dronlar zarbasi: qurbonlar va o‘nlab yaradorlar bor

Rossiyaning Tambov va Moskva viloyatlarida joylashgan Wildberries logistika markazlari dronlar hujumiga uchradi. Hodisa oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi, 40 dan ortiq fuqaro turli darajada jarohat oldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 18 iyulga o‘tar kechasi Tambov viloyatining Kotovsk shahridagi logistika markaziga bir nechta dron kelib urilgan. Viloyat rahbari Yevgeniy Pervishov bildirishicha, hujum vaqtida omborda tungi smenada mehnat qilayotgan yetti nafar xodim halok bo‘lgan, yana 24 kishi tan jarohati olgan.

Zarba oqibatida ombor hududida yirik yong‘in kelib chiqqan. Yong‘in-qutqaruv xizmatlari tezkor ravishda voqea joyiga yetib borib, alangani bartaraf etgan. Ayni paytda hududda qutqaruv ishlari va zararni baholash jarayonlari davom etmoqda.

Wildberries matbuot xizmati ham Kotovskdagi ombor bilan bir qatorda Moskva viloyatining Elektrostal shahridagi logistika markazi ham dronlar hujumiga uchraganini tasdiqladi.

Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyovning ma’lum qilishicha, Elektrostal shahridagi hujum natijasida yana 24 kishi jabrlangan. Ulardan ayrimlarining ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda.

Shuningdek, hujumlar vaqtida Noginsk shahridagi neft bazasida ham yong‘in chiqqan. U yerda ikki kishi jarohatlangan. Xavfsizlik chorasi sifatida yaqin atrofda joylashgan tug‘uruqxona bemorlari boshqa tibbiyot muassasalariga evakuatsiya qilingan.

Bundan tashqari, Vladimir shahrida dron ko‘p qavatli turar joylardan biriga tushib, xonadonda yong‘in keltirib chiqargan. Viloyat rahbariyatining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, ushbu hodisada jabrlanganlar qayd etilmagan.

Rossiya rasmiylari mazkur hujumlarni Ukraina dronlari amalga oshirganini ma’lum qildi. Ukraina tomoni esa hozircha bu voqea yuzasidan rasmiy bayonot bermagan va hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmagan.

So‘nggi vaqtlarda Rossiya hududlariga dronlar orqali uyushtirilayotgan hujumlar soni ortib bormoqda. Bu esa mamlakatning bir qator strategik obyektlarida xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirishga sabab bo‘lmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar