Epshteyn ishida tilga olingan agent uyidan o‘lik topildi

Epshteyn ishida tilga olingan agent uyidan o‘lik topildi

Amerikalik moliyachi va jinsiy jinoyatlarda ayblangan Jeffri Epshteyn bilan bog‘liq ishda nomi bir necha bor tilga olingan modellar agenti Daniyel Siad Fransiyadagi uyida vafot etgan holda topildi. Bu haqda France 24 xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 69 yoshli Shvetsiya fuqarosi bo‘lgan Daniyel Siadning jasadi 20 iyul kuni Fransiyaning Kolomb shahridagi yashash manzilidan aniqlangan. Hozircha uning o‘limiga nima sabab bo‘lgani rasman ma’lum qilinmagan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan holat yuzasidan tergov harakatlari boshlangan.

AQSH Adliya vazirligi e’lon qilgan Epshteynga oid hujjatlarda Daniyel Siadning ismi 2 090 marta qayd etilgan. Tergov materiallarida u Fransiyada Jeffri Epshteyn uchun yosh ayollarni tanishtirgan shaxs sifatida tilga olingan.

Shu yilning may oyida BFMTV telekanaliga bergan intervyusida Siad Epshteynni yaxshi tanishini yashirmagan. U ayrim yosh ayollarni unga tanishtirganini ham tasdiqlagan, biroq buni faqat modellik agentligi faoliyati doirasida amalga oshirganini aytgan. Shu bilan birga, Epshteynning shaxsiy hayoti yoki noqonuniy harakatlaridan bexabar bo‘lganini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tish joiz, avvalroq e’lon qilingan sud hujjatlarida Samarqandda tug‘ilgan o‘zbekistonlik ayolning ham Epshteyn bilan yozishmalari va aloqalari qayd etilgan edi. Hujjatlarga ko‘ra, u moliyaviy yordam olgani va Epshteynning ayrim tanishlari bilan uchrashuvlarga tayyorlangani haqida ma’lumotlar keltirilgan.

Daniyel Siadga nisbatan besh nafar ayol zo‘rlash va jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha shikoyat qilgan. Biroq u barcha ayblovlarni qat’iy rad etib, hayoti davomida hech kimga nisbatan bunday jinoyat sodir etmaganini bildirgan.

Uning advokati Menya Arab-Tigrinning ma’lum qilishicha, Siad bir necha marta tergov organlariga murojaat qilib, rasman so‘roq qilinishini so‘ragan. Ammo u vafotiga qadar biror marta ham rasmiy tarzda so‘roq qilinmagan.

Advokat, shuningdek, sud-tibbiy ekspertiza yakunlari chiqmaguncha o‘lim sabablari haqida xulosa qilishga ertaligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mijoziga nisbatan hech qachon rasmiy ayblov e’lon qilinmagan va u o‘zini doimo aybsiz deb hisoblab kelgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar