Namanganda kuchli do‘l yog‘di: bulutlarga qarshi snaryadlar ishlatildi

Namanganda kuchli do‘l yog‘di: bulutlarga qarshi snaryadlar ishlatildi

23 iyul kuni Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida kuchli do‘l yog‘ishi kuzatildi. Bu haqda O‘zgidromet rasmiy ma’lumot berdi. Tabiat hodisasi kuzatilishi bilan bir vaqtda do‘lning oldini olish maqsadida maxsus choralar ham amalga oshirilgan.

Ma’lum qilinishicha, Yangiqo‘rg‘on tumaniga qo‘shni Qirg‘iziston hududining shimoli-g‘arbiy qismi tomonidan konvektiv do‘lli bulutlar kirib kelgan. Shu munosabat bilan do‘l yog‘ishining oldini olish hamda qishloq xo‘jaligi ekinlari va mahsulotlarini muhofaza qilish maqsadida Yangiqo‘rg‘on GJTK BMS tomonidan jami 18 dona «Alazan-6» do‘lga qarshi vositasi qo‘llangan.

Xususan, 1-sonli TKPdan Iskovot, Yangihayot va Hadikent hududlari yo‘nalishida 6 dona, 3-sonli TKPdan Bog‘iston va O‘rtayalang‘och hududlari bo‘yicha yana 6 dona, 4-sonli TKPdan esa Bog‘iston, O‘rtayalang‘och hamda Hadikent tomonlarga qaratilgan holda 6 dona snaryad uchirilgan.

Shunga qaramay, ta’sir ishlari yakunlanganidan so‘ng, soat 14:03 da Yangiqo‘rg‘on tumanining Zarkent, O‘zak va Yangihayot qishloqlari hududida do‘l yog‘ishi qayd etilgan.

Mutaxassislar ma’lum qilishicha, do‘l hodisasi 41 daraja 22 daqiqa 25,5 soniya shimoliy kenglik va 71 daraja 40 daqiqa 56,7 soniya sharqiy uzunlik geografik koordinatalarida kuzatilgan.

Hozirgi vaqtda mutaxassislar tomonidan qo‘llanilgan ta’sir choralarining samaradorligini baholash, shuningdek, ehtimoliy zararlar ko‘lamini aniqlash maqsadida do‘l kuzatilgan hududlarda maxsus dala o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Ularning natijalari asosida hodisaning qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarga ta’siriga oid qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etilishi kutilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar