Qozog‘iston poytaxtida ilk bor uchar taksi sinovdan o‘tkazildi

Qozog‘iston poytaxtida ilk bor uchar taksi sinovdan o‘tkazildi

Qozog‘iston poytaxti Ostonada kelajak transporti sifatida baholanayotgan uchar taksi ilk bor ommaga namoyish etildi. 24 iyul kuni o‘tkazilgan sinov parvozi mamlakatda shahar havo transportini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etildi. Bu haqda Kazinform agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, namoyish parvozi «Kelajak o‘yinlari» dasturi doirasida «Qazanat» ippodromi hududida tashkil etilgan. Sinovda vertikal uchish va qo‘nish imkoniyatiga ega bo‘lgan AutoFlight Prosperity elektr havo kemasidan foydalanildi.

Zamonaviy aerotaksi bir nafar pilot va besh nafar yo‘lovchini tashish imkoniyatiga ega. U soatiga 200 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi hamda bir marta quvvatlanish bilan 200 kilometrgacha masofani bosib o‘tadi.

Loyihani Qozog‘istonning Alatau Advance Air Group (AAAG) kompaniyasi Xitoyning AutoFlight kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda.

AAAG boshqaruv raisi Sergey Xegayning ta’kidlashicha, bir necha yil avval shahar havo harakatchanligi kelajak texnologiyasi sifatida qaralgan bo‘lsa, bugun u amalda sinovdan o‘tkazilmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihani amalga oshirish uchun xalqaro tajribani o‘rganish, zarur infratuzilmani barpo etish va namoyish parvozlarini tashkil qilish kabi muhim bosqichlar bosib o‘tilgan.

Mutaxassisning qayd etishicha, shahar havo transportini ommalashtirish uchun raqamli boshqaruv tizimlari, havo harakatini muvofiqlashtirish, maxsus vertiportlar, huquqiy baza hamda malakali mutaxassislarni tayyorlash talab etiladi.

Shuningdek, bu yo‘nalish havo taksilariga xizmat ko‘rsatish, ularni yig‘ish, ehtiyot qismlar ishlab chiqarish, dasturiy ta’minot yaratish hamda muhandis, pilot va operatorlar uchun yangi ish o‘rinlarini shakllantirishi ta’kidlandi.

Sergey Xegayning fikricha, ushbu tashabbusning asosiy maqsadi kelajak avlod uchun yangi yuqori texnologiyali industriyani barpo etishdir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin kelajakda havo taksilari bugungi avtomobillar kabi oddiy transport vositasiga aylanishi, Qozog‘istonda esa yangi texnologik kompaniyalar, muhandislik maktablari va zamonaviy kasblar rivojlanishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar