Dunyoda har kuni 800 ga yaqin odam suvda halok bo‘lmoqda

Dunyoda har kuni 800 ga yaqin odam suvda halok bo‘lmoqda

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) dunyoda cho‘kish bilan bog‘liq o‘limlar hali ham jiddiy muammo bo‘lib qolayotganini ma’lum qildi. Tashkilot hisobotiga ko‘ra, har yili qariyb 300 ming nafar inson suvda cho‘kishi oqibatida hayotdan ko‘z yumadi. Bu haqda BMT Yangiliklar xizmati xabar berdi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, cho‘kish ayniqsa 5 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun eng katta xavf omillaridan biri sanaladi. Ushbu yosh toifasida u o‘limga sabab bo‘luvchi asosiy o‘nta omil qatoriga kiradi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi ham bu xavfni yanada kuchaytirmoqda. Suv toshqinlari, kuchli bo‘ronlar va anomal issiq kunlar soni ortishi cho‘kish bilan bog‘liq hodisalarning ko‘payishiga olib kelmoqda.

Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan ilmiy tadqiqot natijalariga ko‘ra, havo harorati har bir darajaga oshganida cho‘kish oqibatidagi o‘limlar 7,2 foizga ko‘payishi kuzatilgan. Shuningdek, havo harorati 25 darajadan yuqori bo‘lgan kunlarda cho‘kish xavfi 10 darajadan past bo‘lgan kunlarga nisbatan qariyb besh baravar yuqori ekani aniqlangan.

Shu munosabat bilan JSST 25 iyul — Butunjahon cho‘kishning oldini olish kuni arafasida davlatlar va mahalliy hamjamiyatlarga suvdagi baxtsiz hodisalarni kamaytirishga qaratilgan yettita asosiy tavsiyani e’lon qildi.

Tashkilotning «Protect» dasturi quyidagi choralarni o‘z ichiga oladi:

  • suv havzalari atrofida xavfsiz infratuzilmani barpo etish;

  • aholini qutqaruv va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalariga o‘rgatish;

  • suv bo‘yida mehnat xavfsizligini kuchaytirish;

  • suv transporti uchun zamonaviy xavfsizlik talablarini joriy etish;

  • bolalar va kattalarga suzish hamda suvda xavfsiz harakatlanish qoidalarini o‘rgatish;

  • bolalarni suv havzalari yaqinida doimiy nazorat qilish;

  • mahalliy aholini suv toshqinlari va favqulodda vaziyatlarga tayyorlash.

Qayd etilishicha, joriy yilgi Butunjahon cho‘kishning oldini olish kuni «Birgalikda — suvda xavfsizlik uchun» shiori ostida o‘tkaziladi. Tashkilot fikricha, suvdagi fojialarni kamaytirish davlat idoralari, mutaxassislar va jamoatchilikning o‘zaro hamkorligi orqali amalga oshishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar