Bloger akula hujumidan omon qoldi: 4 marta operatsiya qilindi

Yangi zelandiyalik bloger Genri Gibbs Fidji orollari yaqinida suv ostida video olib, nayza bilan baliq ovlayotgan vaqtida kulrang rif akulasi hujumiga uchradi. Hamrohlar Kolbi va Den uni zudlik bilan suvdan chiqarib, birinchi yordam ko‘rsatishdi va shifoxonaga yetkazishdi. O‘ng oyog‘i jiddiy jarohatlangan blogerni saqlab qolish uchun shifokorlar to‘rt marta operatsiya o‘tkazib, teri ko‘chirib o‘tkazishga majbur bo‘lishdi.
Yangi Zelandiyalik baliqlar va dayving haqida kontent yaratuvchi Genri Gibbs Fidji orollari yaqinidagi suvlarda video olayotgan vaqtida akula hujumiga uchradi. Hodisa uning Fidjidagi ilk dayvingi vaqtida yuz bergan.
Gibbsning o‘zi ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qilishicha, u suv ostida suratga olish bilan birga nayza bilan baliq ovlayotgan bo‘lgan. Shu paytda uning atrofida bir nechta kulrang rif akulalari paydo bo‘lgan. Ulardan biri dastlab uzoqroqda aylangan, biroq keyinchalik xatti-harakatini o‘zgartirib, Gibbs tomon tezlik bilan suzib kelgan va uning o‘ng oyog‘ini tishlagan. Hodisaning o‘zi ham blogerning kamerasiga tushib qolgan.
Hujumdan so‘ng Gibbs bilan birga bo‘lgan ikki hamrohi — Kolbi va Den — uni zudlik bilan suvdan olib chiqib, jarohatiga birinchi yordam ko‘rsatgan. Shundan keyin bloger shifoxonaga yetkazilgan. Uning o‘ng oyog‘i jiddiy jarohatlangan va shifokorlar uni saqlab qolish uchun to‘rt marta operatsiya o‘tkazib, teri ko‘chirib o‘tkazishga majbur bo‘lgan.
Gibbs keyingi holati haqida yozar ekan, oyog‘i saqlanib qolganidan va oyoq panjasini to‘liq harakatlantira olayotganidan juda minnatdor ekanini bildirgan. Shifokorlar uning to‘liq tiklanishiga umid qilmoqda. Ayrim manbalarda u shifoxonada davolanishni davom ettirgani qayd etilgan.
Qizig‘i, bloger hodisadan keyin akuladan ranjimasligini ham aytgan. Uning fikricha, u akulaning tabiiy yashash muhitida bo‘lgan. Gibbs, shuningdek, akulaning xatti-harakatidagi o‘zgarishlarni jiddiyroq baholash kerakligini ta’kidlab, kelgusida voqea aks etgan videoni xavfsizlik bo‘yicha saboqlar bilan birga ulashishini bildirgan.
Gibbs o‘z tajribasidan kelib chiqib, akula xatti-harakati keskin o‘zgarsa, dayvingni davom ettirmaslik kerakligini ta’kidlagan. U shuningdek, tropik suvlarda kamuflyajli kiyimlardan foydalanish va akulaning xavfliligini faqat uning kattaligiga qarab baholash noto‘g‘ri bo‘lishi mumkinligini aytgan.






























Izohlar 0
…