55 soat uxlamay suzgan erkak Boltiq dengizini zabt etdi (video)

Polshalik ultramasofalarga suzuvchi Bartlomey Kubkovskiy Boltiq dengizini beshinchi urinishida muvaffaqiyatli kesib o'tib, qariyb 160 kilometr masofani bosib o'tdi. U 31 iyuldan 2 avgustgacha qariyb 55 soat davomida uxlamasdan, dam olmasdan va yordam qayig'iga tegmasdan suzdi. Sportchiga oziq-ovqat va suv maxsus naycha orqali yetkazilgan.
Polshalik ultramasofalarga suzuvchi Bartlomey Kubkovskiy inson imkoniyatlari chegarasini yana bir bor namoyish etdi. Sportchi beshinchi urinishda Boltiq dengizini muvaffaqiyatli suzib o‘tib, qariyb 160 kilometr masofani to‘xtovsiz bosib o‘tdi.
Meduza xabariga ko‘ra, Kubkovskiy 31 iyul kuni Shvetsiya qirg‘og‘idan yo‘lga chiqqan. U qariyb 55 soat davomida bir daqiqa ham dam olmasdan, uxlamasdan va yordam qayig‘iga tegmasdan suzishda davom etgan. Nihoyat, 2 avgust kuni Polshadagi Dziyvnuv shahri sohiliga yetib borgan.
Suzish davomida sportchiga oziq-ovqat va suv maxsus naycha orqali yordam qayig‘idan yetkazib berilgan. Biroq xalqaro qoidalarga muvofiq, u qayiqqa chiqmagan va unga qo‘li bilan ham tegmagan.
Bu Kubkovskiyning Boltiq dengizini kesib o‘tish bo‘yicha beshinchi urinishi bo‘lib, avvalgi to‘rtta harakati muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi. Bu safar esa u o‘z maqsadiga erishib, yana bir muhim rekordga imzo chekdi.
Mazkur suzish Ultra Baltic Swim loyihasi doirasida amalga oshirildi. Loyiha saraton kasalligiga qarshi kurashayotgan bemorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, suzish davomida xayriya mablag‘lari ham yig‘ildi.
Eslatib o‘tish joiz, bundan avval yana bir polshalik sportchi — Sebastyan Karash ham Boltiq dengizini suzib o‘tgan edi. U 2017 yilda Polsha bilan Daniyaning Bornholm oroli o‘rtasidagi 100 kilometrlik masofani 28,5 soatda bosib o‘tgan.
Bartlomey Kubkovskiyning yangi natijasi nafaqat ultramasofaga suzish tarixidagi muhim yutuqlardan biri, balki inson irodasi va matonatining yorqin namunasi sifatida ham e’tirof etilmoqda.






























Izohlar 0
…