AQSHlik 11 yoshli bola itlarga 100 soat kitob o‘qib, rekord o‘rnatdi

Florida shtatida yashovchi 11 yoshli Nehemayya Tyorner Jacksonville Humane Society boshpanasidagi hayvonlarga kitob o‘qib, dasturda 100 soatlik ko‘rsatkichga erishgan ilk bola bo‘ldi. U so‘nggi ikki yil davomida «Pawsitive Reading» dasturida ko‘ngilli sifatida qatnashib, ayniqsa itlarga ovoz chiqarib kitob o‘qigan. Dastur vakillariga ko‘ra, sokin ovoz hayvonlarning stressini kamaytiradi, Nehemayya muntazam kitob o‘qigan Hopper esa qariyb 400 kundan so‘ng yangi uy topgan.
AQSHning Florida shtatida yashovchi 11 yoshli Nehemayya Tyorner hayvonlarga bo‘lgan mehr-muhabbati bilan e’tibor qozondi. U so‘nggi ikki yil davomida Jacksonville Humane Society boshpanasining «Pawsitive Reading» dasturida ko‘ngilli sifatida qatnashib, boshpanadagi hayvonlarga ovoz chiqarib kitob o‘qib kelgan.
Nehemayya iyun oyida kitob o‘qish bo‘yicha 100 soatlik ko‘rsatkichga erishgan dasturdagi ilk bola bo‘ldi. Shu munosabat bilan unga 100 soatlik ko‘ngillilik faoliyatini tasdiqlovchi maxsus sertifikat topshirildi.
Bolaning aytishicha, u ayniqsa itlarga kitob o‘qishni yaxshi ko‘radi. Uning fikricha, sokin ovoz hayvonlarni tinchlantirib, boshpanada o‘zini xotirjamroq his qilishiga yordam beradi. Nehemayya bu orqali itlarning tezroq yangi va mehribon egalarini topishiga umid qiladi.
Dastur vakillari ham bunday mashg‘ulotlar hayvonlarning stressini kamaytirishga yordam berishini ta’kidlamoqda. Nehemayya kitob o‘qigan itlardan biri — Hopper boshpanada qariyb 400 kun qolgan va bola unga har tashrifida kitob o‘qigan. Keyinchalik Hopper yangi uy topishga muvaffaq bo‘lgan.
Jacksonville Humane Society rahbari Lourens Nikolas Nehemayyaning tashabbusini yuqori baholab, uning oddiy, ammo samimiy harakati nafaqat boshpanadagi hayvonlarga, balki butun jamoaga ilhom berayotganini qayd etgan.






























Izohlar 0
…