Instagram orqali ish izlagan qozog‘istonlik 125 yilga qamaldi

Gretsiyada 24 yoshli Qozog‘iston fuqarosi Rashid Qodirov noqonuniy migrantlarni tashishda aybdor deb topilib, 125 yilga qamaldi. U Turkiyada ishlash umidida Instagram orqali motorli qayiqda sayyohlar uchun sayohatlar tashkil etish haqidagi e'longa murojaat qilgan. Yaqinlari Rashid Qodirov xalqaro jinoiy tarmoq va firibgarlik sxemasi qurboni bo‘lganini, tergovda esa unga tarjimon berilmaganini ta'kidlamoqda.
Gretsiyada 24 yoshli Qozog‘iston fuqarosi Rashid Qodirovga nisbatan 125 yillik qamoq jazosi tayinlangani katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Uning yaqinlari yosh yigit xalqaro jinoiy tarmoq qurboniga aylanganini ta’kidlab, ishni qayta ko‘rib chiqishni so‘ramoqda.
Ma’lum qilinishicha, Rashid Qodirov Turkiyada ishlash maqsadida Instagram orqali berilgan e’longa murojaat qilgan. E’londa sayyohlar uchun motorli qayiqda sayohatlar tashkil etiladigan ish taklif qilingan. Biroq keyinchalik u noqonuniy migrantlarni tashishda ishtirok etganlikda ayblangan.
Yigitning onasi Nurxon Qodirovaning aytishicha, tergov jarayonida o‘g‘liga tarjimon ta’minlanmagan. Shuningdek, u jazo yanada og‘irlashtirilishi mumkinligi haqida ogohlantirilib, ayrim hujjatlarni imzolashga majbur qilinganini bildirgan.
Ayolning so‘zlariga ko‘ra, sud Rashid Qodirovga ozodlikdan mahrum etish jazosidan tashqari, qariyb 1 milliard tengega teng jarima ham tayinlagan. Uning fikricha, o‘g‘li ijtimoiy tarmoqlar orqali ish qidiruvchilarni jalb qilishga qaratilgan firibgarlik sxemasining qurboni bo‘lgan.
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi mazkur holatni tasdiqlab, fuqaro Gretsiya qonunchiligining og‘ir moddalari bo‘yicha aybdor deb topilganini ma’lum qildi. Vazirlikka ko‘ra, Rashid Qodirovga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda va mazkur ish diplomatik idora nazoratida qolmoqda.






























Izohlar 0
…