500 yillik sukutdan so‘ng qunduzlar bolalari tug‘ildi

500 yillik sukutdan so‘ng qunduzlar bolalari tug‘ildi

Angliyaning Norfolk hududida tabiatshunoslarni hayratga solgan voqea qayd etildi. Bu yerda 500 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor yovvoyi qunduzlar dunyoga keldi.

Yangi tug‘ilgan qunduzchalar dekabr oyida Fakenxem yaqinidagi Pensthorpe qo‘riqxonasiga kutilmaganda kelib qolgan ikki yovvoyi qunduzning avlodlari hisoblanadi.

Qunduzlar Vensum daryosi bo‘yida o‘zlariga in qurib, shu hududda yashay boshlagan. Mutaxassislarga ko‘ra, bu juftlik XVI asr boshlarida qunduzlar Angliyada ov qilinishi oqibatida butunlay yo‘qolib ketganidan keyin Norfolkda qayd etilgan birinchi yovvoyi qunduzlar bo‘lgan.

Qunduzlar bu yerga qanday kelgan?

Eng qizig‘i, qunduzlarning Vensum daryosiga qanday yetib kelgani hanuzgacha noma’lum. Angliyada qunduzlar 2015 yildan boshlab ayrim hududlarda qayta tiklana boshlagan bo‘lsa-da, Norfolkka eng yaqin yovvoyi qunduzlar populyatsiyasi 200 kilometrdan ortiq masofadagi Kentda joylashgan.

Shu sababli ayrimlar ularni tabiat muhofazasi faollari yashirincha qo‘yib yuborgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Biroq Pensthorpe qo‘riqxonasi bunday usulni qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qilgan.

Qo‘riqxona rahbari Richard Spoveyj esa qunduzchalarning paydo bo‘lishidan mamnun.

«Bu ajoyib voqea», — dedi u.

Kamera tuzoqlari orqali olingan tasvirlarni ko‘rish paytida mutaxassislar dastlab bitta qunduzchani payqagan. U ota-onasi yonida o‘ynab, mayda shoxlar va barglarni kemirayotgan bo‘lgan.

Biroz vaqt o‘tib esa kamera yana bir hayratlanarli manzarani qayd etgan — birinchi qunduzchadan keyin ikkinchisi ham paydo bo‘lib, uning ortidan yugurib chiqqan.

Kichkintoylar mustaqil hayotga o‘rganmoqda

Taxminan uch oylik qunduzchalar hozirdanoq ancha faol va mustaqil bo‘lib bormoqda. Ular tol va suv yalpizi kabi o‘simliklar bilan oziqlanmoqda.

Qunduzchalar hatto xavf sezganda suvga sho‘ng‘ish va dumlari bilan suv yuzasiga qattiq urib, ovoz chiqarishni ham o‘rganib olgan.

Qo‘riqxona xodimlarining aytishicha, katta qunduzlarning suvda o‘z dumlari bilan xavfdan ogohlantirishini kuzatishgan. Endi esa kichik qunduzlardan biri ham xuddi shu harakatni takrorlay boshlagan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar