Moskva aeroporti hojatxonasidan ayol va chaqaloq jasadi topildi

Moskva aeroporti hojatxonasidan ayol va chaqaloq jasadi topildi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Moskvadagi Sheremetevo aeroportida 2 oktyabr kuni ayol va yangi tug‘ilgan chaqaloqning jasadi topildi.
  • Dastlabki taxminlarga ko‘ra, 30 yoshli ayol aeroport hojatxonasida farzand dunyoga keltirgan va chaqaloqning o‘limiga uning harakatlari sabab bo‘lgan.
  • Ayol ko‘p qon yo‘qotishi oqibatida vafot etgan, uning eri esa ayolining homiladorligidan bexabar bo‘lgan.
  • Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Moskvadagi Sheremetevo aeroportida og‘ir voqea qayd etildi. 2 oktyabr kuni aeroportning uchib kelish zonasidagi hojatxonalardan biridan ayol va yangi tug‘ilgan chaqaloqning jasadi topildi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bu haqda Moskva viloyati bo‘yicha Tergov boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib, “Meduza” xabar berdi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, dastlabki taxminlar bo‘yicha 30 yoshli ayol aeroport hojatxonasida farzand dunyoga keltirgan. Tergovning dastlabki versiyasida chaqaloqning o‘limiga ayolning harakatlari sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Kuch ishlatar tuzilmalarga yaqin bo‘lgan “Mash”, “Baza” va “112” Telegram-kanallari tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, ayol Turkiyadan Moskvaga uchib kelgan. Aeroportda uning to‘lg‘og‘i boshlangan va u hojatxona kabinalaridan biriga kirib olgan.

Ma’lum qilinishicha, ayolning chinqiriqlarini eshitgan va hojatxonada qon izlarini ko‘rgan odamlar unga yordam berishga uringan. Biroq u ko‘rsatilayotgan yordamni rad etgan.

Shundan so‘ng ayolga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifokorlar chaqirilgan. Ammo u ko‘p qon yo‘qotishi oqibatida vafot etgan.

“Mash” nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, marhuma asli ukrainalik bo‘lgan va o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasida (LXR) ro‘yxatdan o‘tgan.

Nashrning yozishicha, ayol Turkiyadan eri va 11 yoshli qizi bilan birga kelgan. Eri esa ayolining homilador bo‘lganidan bexabar ekanini bildirgan.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Voqeaning barcha tafsilotlari, ayol va chaqaloqning o‘limiga olib kelgan holatlar hamda hodisaning aniq sabablari tergov doirasida o‘rganilmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar