Millionerlar dinozavr skeletlari uchun rekord mablag‘ sarflamoqda

Dunyodagi eng boy insonlar orasida noodatiy kolleksiyalarga qiziqish tobora ortib bormoqda. Endi ular qimmatbaho san’at asarlari yoki futbol klublari bilan bir qatorda millionlab dollar evaziga dinozavrlar skeletlarini ham xarid qilmoqda. Bu haqda Bloomberg nashri xabar tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, ayrim milliarderlar bunday qadimiy topilmalarni nafaqat noyob kolleksiya, balki qiymati yillar davomida oshib borishi mumkin bo‘lgan investitsiya sifatida ham baholamoqda.
Shulardan biri — texnologik tadbirkor va milliarder Den O'Daud. U "Samson" laqabini olgan tirannozavr skeletini 600 ming dollarga sotib olgan. Milliarder bu xaridni "inson egalik qilishi mumkin bo‘lgan eng hayratlanarli o‘lja" deb ta’riflagan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday qadimiy qoldiqlarning narxi bir qator omillarga bog‘liq. Jumladan, ularning haqiqiyligi, saqlanish darajasi, dinozavr turining noyobligi hamda topilmaning qanchalik to‘liq ekani asosiy mezonlar hisoblanadi.
Yaqinda Nyu-York shahridagi Sotheby's kimoshdi savdosida "Gas" deb nomlangan tirannozavr reks skeleti telefon orqali ishtirok etgan noma’lum xaridorga rekord darajadagi 50,1 million dollarga sotildi.
Bu natija o‘tgan yilgi rekordni ham ortda qoldirdi. 2024 yilda "Apeks" laqabli stegozavr skeleti 44,6 million dollarga sotilgan edi. E’tiborlisi, "Gas" uchun kimoshdi oldidan 20–30 million dollar atrofida narx kutilayotgan bo‘lsa-da, yakunda uning bahosi kutilganidan ancha yuqoriga ko‘tarildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu skeletlar hozirgacha topilgan eng yirik va eng yaxshi saqlangan dinozavr qoldiqlari qatoriga kiradi. Ular 2021–2023 yillar oralig‘ida AQSHning Janubiy Dakota shtatida joylashgan rancholardan birida aniqlangan. "Gas" laqabi esa qazish ishlari amalga oshirilgan hudud egasining nomi sharafiga berilgan.
Mutaxassislar fikricha, noyob paleontologik topilmalarga bo‘lgan qiziqish kelgusi yillarda ham ortishi mumkin. Shu bois dinozavrlar skeletlari nafaqat ilmiy ahamiyatga ega meros, balki eng qimmat kolleksiya aktivlaridan biriga aylanib bormoqda.






























Izohlar 0
…