Xitoylik ayol sovuqda ishga kelgan ikki xodimiga BMW sovg‘a qildi

Xitoyning Xenan provinsiyasida restoran egasi bo‘lgan ayol o‘zining ikki nafar xodimiga BMW avtomobilini sovg‘a qildi. U ishchilarining har kuni elektroskuterda ishga qatnashi va sovuq havoda qiynalayotganini ko‘rib, ularni mashina bilan taqdirlashga qaror qilgan.
South China Morning Post nashrining yozishicha, voqea Xenan provinsiyasining Szyaszo shahrida sodir bo‘lgan. Restoran rahbari Ma Yanli sentyabr oyi oxirida xodimlarining ishga kelishda noqulay ob-havo sharoitiga duch kelayotganiga e’tibor qaratgan.
Shundan so‘ng u mehnatsevarligi bilan ajralib turgan ikki xodimini rag‘batlantirishga qaror qilgan. Tadbirkor ayol ularni yig‘ilish vaqtida kutilmaganda BMW avtomobillari sotiladigan salonga olib borgan. Ma’lum bo‘lishicha, mashinalarning puli oldindan to‘liq to‘langan.

Ma Yanlining ta’kidlashicha, restoranning rivojlanishida har bir xodimning hissasi bor. Shuning uchun u o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashadigan xodimlariga minnatdorchilik bildirishni istagan.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, har bir avtomobilning qiymati 45 ming dollarni tashkil etgan. Natijada tadbirkor ayol ikki nafar xodimi uchun jami 90 ming dollar sarflagan.






























Izohlar 0
…