Yangi Zelandiyada tashqi ko‘rinishi bilan e’tiborni tortgan g‘ayrioddiy olma topildi

Yangi Zelandiyaning Christchurch shahrida tashqi ko‘rinishi bilan e’tiborni tortgan g‘ayrioddiy olma topildi. Mevaning bir tomoni qizil, ikkinchi tomoni esa sariq rangda bo‘lib, go‘yo ikki xil rangga ataylab bo‘yalgandek ko‘rinadi.
Noyob olma shaharning Mairehau hududida joylashgan “Sunshine Corner Market” do‘koniga keltirilgan “Red Braeburn” navli mevalar orasidan chiqdi. Uning po‘stidagi ranglar deyarli aniq chegara bilan ajralib turgani xaridorlarni hayratga solgan.
Mutaxassislar bunday noodatiy mevalarni “ximera olma” deb atashadi. Bu hodisa meva tarkibida genetik xususiyatlari turlicha bo‘lgan hujayralar mavjudligi bilan izohlanadi. Xabarlarda bunday olmalarning nihoyatda kam uchrashi, hatto millionta meva orasidan bittasini topish ham mushkul ekani ta’kidlangan.
Do‘kon egasining aytishicha, u uzoq yillardan buyon meva savdosi bilan shug‘ullansa-da, shu paytgacha bunday olmaga duch kelmagan. Uning noodatiy ko‘rinishi xaridorlarda katta qiziqish uyg‘otgan: ayrimlar suratga tushirayotgan bo‘lsa, boshqalar uni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun oila a’zolarini ham olib kelmoqda.
Hozirda olma yangiligini saqlash maqsadida sovitkichga joylashtirilgan. Do‘kon ma’muriyati uni noyob holatda saqlab qolish yoki ichki qismi ham ikki xil rangda ekanini aniqlash uchun kesib ko‘rish borasida hali yakuniy qarorga kelmagan.































Izohlar 0
…