Amerikalik talaba ko‘zi bog‘liq holda Rubik kubigini yig‘ib rekord o‘rnatdi

Amerikalik spidkuber Tommi Cherri Rubik kubigini ko‘zi bog‘langan holda yig‘ish bo‘yicha Ginnes rekordini yangiladi. U 3×3×3 o‘lchamdagi kubikni yig‘ishda o‘rtacha vaqt natijasini 13,97 soniyaga yetkazdi.
Mazkur natija Xitoyda o‘tkazilgan Hefei August Open 2026 musobaqasida qayd etildi. Cherri shu tariqa avstraliyalik Charli Egginsga tegishli 14,05 soniyalik avvalgi rekordni ortda qoldirdi.
Tommi bundan oldin ham ko‘zi bog‘liq holda kubik yig‘ish bo‘yicha yuqori natijalar ko‘rsatgan. U AQSHdagi musobaqalardan birida kubikni 11,56 soniyada yig‘gan.
2005 yilda tug‘ilgan Cherri 2015 yilda o‘quv videosini ko‘rganidan keyin Rubik kubigini yig‘ishga qiziqib qolgan. Oradan bir necha hafta o‘tib, ilk rasmiy musobaqasida qatnashgan.
Hozirda u Florida shtati universitetida tahsil oladi va dunyoning kuchli spidkuberlaridan biri sanaladi. Cherri 2023 yilda ko‘zi bog‘liq holda kubik yig‘ish bo‘yicha Jahon kubik assotsiatsiyasi chempionligini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u AQSH va Shimoliy Amerika chempioni, 2025 yilgi jahon chempionati kumush medali sohibi hamdir.






























Izohlar 0
…