Ohangaronda matematika o‘qituvchisi o‘quvchini kaltaklagani aytildi

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi 15-maktabda matematika o‘qituvchisi o‘quvchiga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan. Hodisa aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Bu haqda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.
Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, voqea 21 oktyabr kuni 7-sinfda matematika darsi vaqtida sodir bo‘lgan. Shuningdek, o‘qituvchining mazkur o‘quvchiga avval ham qo‘pol munosabatda bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar tekshirilmoqda.
Hozirda holatni viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limi mas’ullari, maktab kengashi, ichki ishlar organlari hamda mahalla vakillari ishtirokida o‘rganish davom etmoqda.
Boshqarma ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi. Qonunchilikka ko‘ra, o‘quvchilar zo‘ravonlik va haqoratdan himoyalanish huquqiga ega.
Tekshiruv davomida o‘quvchi, uning ota-onasi, o‘qituvchi va guvohlarning tushuntirishlari hamda boshqa dalillar o‘rganiladi. Holatga huquqiy baho berilib, qonunbuzilish aniqlangan taqdirda tegishli choralar ko‘riladi.
O‘rganish natijalari bo‘yicha jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot berilishi bildirildi.






























Izohlar 0
…