O‘zbekistonda Apple Pay xizmati yaqin kunlarda ishga tushishi kutilmoqda

O‘zbekistonda Apple Pay xizmati yaqin kunlarda ishga tushishi kutilmoqda

O‘zbekistonda Apple Pay xalqaro to‘lov xizmatini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Turizm qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, xizmat yaqin kunlarda ishga tushishi kutilmoqda. Biroq uning aniq sanasi hozircha rasman e’lon qilinmagan.

Xizmatni joriy etish bo‘yicha texnik ishlar Markaziy bank, tijorat banklari hamda mahalliy to‘lov tizimlari ishtirokida olib borilmoqda. Rejaga ko‘ra, integratsiya ishlari xalqaro to‘lov xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Turizm qo‘mitasi bu tashabbus xorijiy sayyohlar uchun qulay sharoit yaratish, jumladan, dunyoning yetakchi to‘lov tizimlarini O‘zbekiston infratuzilmasiga integratsiya qilish ishlarining davomi ekanini bildirgan. Maqsad — sayyohlarga mamlakatda ham o‘zlari odatlangan to‘lov vositalaridan foydalanish imkonini yaratish.

Shuningdek, sayyohlar oqimi o‘sishi kutilayotgan Xitoy va Hindiston bozorlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu mamlakatlarda keng qo‘llaniladigan Alipay+ va NPCI International to‘lov tizimlari bilan ham integratsiya ishlari olib borilmoqda.

Mazkur choralar xorijiy mehmonlarning naqd pul yoki xalqaro bank kartalariga bog‘liqligini kamaytirib, O‘zbekistonda to‘lovlarni amalga oshirishni yanada qulaylashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar