Flippinda olimlar dunyodagi eng mitti qurbaqalardan birini aniqlashdi

Filippinlik olimlar dunyodagi eng kichik qurbaqalar qatoriga kiruvchi yangi turni aniqlashdi. Kanzas universiteti bilan hamkorlikda olib borilgan tadqiqot davomida ushbu mitti jonzot Sibuyan orolidagi Guiting-Guiting tabiat bog‘ida topilgan.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, qurbaqaning o‘lchami taxminan microSD xotira kartasinikiga teng. Uning nihoyatda kichikligi olimlar e’tiborini tortgan va bu holat tabiatdagi evolyutsion moslashuv jarayonlarini o‘rganish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Mutaxassislar bunday o‘zgarishni “miniatyuralashuv” deb ataydi. Bu jarayonda ayrim hayvon turlari evolyutsiya davomida kichiklashib, muayyan yashash muhitiga moslashadi. Masalan, o‘rmon tubidagi tor hududlarda yashaydigan ayrim jonzotlar juda kichik tana o‘lchamiga ega bo‘lishi mumkin.
Mazkur kashfiyot Filippinning Sibuyan oroli noyob tabiatga boy ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Ko‘plab endemik, ya’ni faqat shu hududda uchraydigan turlarga ega bo‘lgan orol ba’zan “Osiyoning Galapagos orollari” deb ham ataladi.
Olimlarning fikricha, ushbu mintaqada hali ilm-fanga noma’lum bo‘lgan boshqa turlar ham uchrashi mumkin. Shu sababli noyob hayvonlar yashaydigan tabiiy hududlarni asrash va ularni ilmiy o‘rganish muhim hisoblanadi.































Izohlar 0
…