Hindistonda qalbaki ichimlikdan kamida 11 kishi vafot etdi

Hindistonning Manipur shtatida sifatsiz va qalbaki spirtli ichimlik iste’moli og‘ir oqibatlarga olib keldi. Hozirgacha kamida 11 kishi vafot etgan, 180 nafardan ortiq fuqaro esa shifoxonaga yotqizilgan. Jabrlanganlarning aksariyatida metanoldan zaharlanish belgilari aniqlangan. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mahalliy ishlab chiqarilgan spirtli ichimlikni iste’mol qilgan yuzlab odamlar o‘zlarini yomon his qila boshlagan. Og‘ir ahvoldagi bemorlar tibbiy muassasalarga olib borilgan. Voqeadan xabar topgan shtat bosh vaziri Xemchand Yumnam jabrlanganlar davolanayotgan ikkita shifoxonaga tashrif buyurgan.
U tibbiyot muassasalari rahbariyati bilan uchrashuvda bemorlarga zarur yordam ko‘rsatish masalasiga alohida e’tibor qaratgan.
«Har ikki shifoxona rahbariyatiga bemorlarga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish va barcha zarur sharoitlarni yaratishni topshirdim», — degan u.
Mahalliy ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, shifoxonaga yotqizilganlarning ko‘pchiligida metanoldan zaharlanish alomatlari kuzatilgan. Hukumat tomonidan mutaxassis shifokorlar jalb qilinib, jabrlanganlar uchun zarur dori-darmonlar ham yetkazib berilgan. Shuningdek, hodisaning sabablarini aniqlash va zaharlanish holatlarini o‘rganish choralari ko‘rilmoqda.
Qalbaki spirtli ichimliklar bilan bog‘liq fojialar avval ham kuzatilgan
Bunday ommaviy zaharlanish holatlari Hindistondagina emas, boshqa mamlakatlarda ham qayd etilgan.
Xususan, 2025 yilda Rossiyada qalbaki spirtli ichimlik iste’moli oqibatida 45 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Shu yili Turkiyada ham qo‘lbola alkogoldan zaharlanish natijasida 33 kishi vafot etgan. Ularning 14 nafari O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan.
Bundan tashqari, 2024 yilda Hindistonning Tamil Nadu shtatida spirtli ichimlik tarkibidagi metanoldan zaharlanish oqibatida 54 kishi halok bo‘lgan edi.
Mutaxassislar metanol bilan ifloslangan spirtli ichimliklar inson hayoti uchun o‘ta xavfli ekanini ta’kidlaydi. Manipurdagi so‘nggi fojia ham sifatsiz va qalbaki mahsulotlar nazorati qanchalik muhimligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…