AQSHda bayramona tushlikdan so‘ng 18 kishi zaharlandi, 15 nafari shifoxonaga yotqizildi

AQSHning Florida shtatida Shukronalik kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayramona tushlikdan keyin 18 kishi o‘zini yomon his qilgan. Ulardan 15 nafari shifoxonaga olib ketilgan. Hodisa sababli favqulodda xizmatlar ommaviy jabrlanish bilan bog‘liq vaziyat e’lon qilgan. Bu haqda The Telegraph xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 25 noyabr kuni Mayami-Deyd okrugining Doral shahrida yuz bergan. Leon Medical Centres tibbiyot markazlari tarmog‘i o‘z xodimlari uchun yillik bayramona tushlik tashkil etgan. Dasturxon kompaniyaning bosh ofisida yozilgan bo‘lib, taomlar tashqi keytering xizmati tomonidan yetkazib berilgan.
Tushlikdan ko‘p o‘tmay ayrim xodimlarda oshqozon-ichak tizimi bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lgan. Shundan so‘ng voqea joyiga Mayami-Deyd okrugi favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari chaqirilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jami 18 kishi o‘zini yomon his qilgan, ularning 15 nafari mahalliy shifoxonalarga olib borilgan.
Jabrlanganlar soni ko‘pligi sababli hodisaga uchinchi darajali ommaviy talofatlar bilan bog‘liq favqulodda vaziyat maqomi berilgan. Bu bir nechta tibbiy muassasa va qo‘shimcha tez yordam kuchlarini jalb etish zaruratini anglatadi.
Leon Medical Centres kompaniyasi voqea yuzasidan bayonot berib, ayrim xodimlarda tushlikdan keyin oshqozon-ichak tizimiga oid alomatlar kuzatilganini va ularga tibbiy yordam ko‘rsatilganini ma’lum qilgan. Kompaniya zaharlanish sababini aniqlash uchun taom yetkazib bergan tashkilot bilan hamkorlik qilayotganini bildirgan.
Shuningdek, kompaniya hodisa faqat bosh ofisida sodir bo‘lganini, uning tibbiy xizmat ko‘rsatadigan muassasalaridagi bemorlarga ta’sir qilmaganini ta’kidlagan.
Hozircha jabrlanganlarning salomatligi va zaharlanishga aynan nima sabab bo‘lgani haqida qo‘shimcha ma’lumot berilmagan. Tekshiruv davom etmoqda.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…