Telegram iPhone egalarini jiddiy xakerlik hujumi xavfidan ogohlantirdi

Telegram iOS operatsion tizimining eski versiyalaridan foydalanayotgan iPhone egalari ommaviy kiberhujumlar nishoniga aylanishi mumkinligidan ogohlantirdi. Messenjer asoschisi Pavel Durovning ta’kidlashicha, ayrim holatlarda smartfonga ruxsatsiz kirish uchun zararli veb-saytni ochishning o‘zi yetarli bo‘lishi mumkin. Bu haqida u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
«iPhone foydalanuvchilari ommaviy ravishda xakerlik hujumiga uchramoqda. Agar iOS versiyangiz hatto biroz eskirgan bo‘lsa ham, barcha ma’lumotlaringiz xavf ostida. Telefonni buzib kirish uchun shunchaki biror saytni ochishning o‘zi kifoya qilishi mumkin. Biz iOS'ning eski versiyalaridan foydalanayotgan barcha foydalanuvchilarimizga ushbu ogohlantirishni yuboryapmiz», — deb yozgan Pavel Durov.
Telegram tomonidan foydalanuvchilarga yuborilgan ogohlantirish xabarida ham operatsion tizimning eski versiyalarida bir qator xavfsizlik zaifliklari mavjudligi ta’kidlangan. Bunday kamchiliklar kiberjinoyatchilar uchun qurilmaga kirish imkoniyatini yaratishi, natijada esa foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari, yozishmalari va akkauntlari xavf ostida qolishi mumkin.
Shu sababli messenjer iPhone egalariga qurilmalari xavfsizligini ta’minlash uchun iOS operatsion tizimining mavjud eng so‘nggi yangilanishini o‘rnatishni tavsiya qilgan. Bu orqali tizimda aniqlangan zaifliklarni bartaraf etish va ehtimoliy kiberhujumlar xavfini kamaytirish mumkin.
Avvalroq Apple kompaniyasi ham veb-kontentni qayta ishlash jarayoni bilan bog‘liq xavfsizlik kamchiliklarini bartaraf etish maqsadida bir necha bor maxsus yangilanishlar taqdim etgan. Xususan, 2025 yil mart oyida kompaniya iOS 18.3.2 versiyasini o‘rnatishni tavsiya qilgan edi. Mazkur yangilanish orqali brauzerning WebKit mexanizmida aniqlangan xavfsizlik muammosi bartaraf etilgan.
Apple ma’lumotlariga ko‘ra, maxsus tarzda tayyorlangan zararli veb-kontent brauzerning himoyalangan muhitidan chiqib ketishiga imkon berishi mumkin bo‘lgan. Kompaniya ushbu zaiflikdan iOS 17.2 dan oldingi versiyalardan foydalanayotgan ayrim shaxslarga qarshi murakkab kiberhujumlarda foydalanilgan bo‘lishi mumkinligini ham bildirgan.
Shuningdek, 2026 yil iyul oyida Apple xavfsizlik bilan bog‘liq qariyb 90 ta tuzatishni o‘z ichiga olgan iOS 26.6 yangilanishini ham taqdim etgan. «Forbes» nashri kiberxavfsizlik sohasi mutaxassislariga tayanib, ushbu yangilanishlar orasida WebKit mexanizmi bilan bog‘liq zaifliklarni bartaraf etishga qaratilgan tuzatishlar ham mavjud bo‘lganini xabar qilgan.
Mutaxassislar bunday holatlarda smartfon operatsion tizimini o‘z vaqtida yangilab borish muhimligini ta’kidlaydi. Chunki eski versiyalarda saqlanib qolgan xavfsizlik kamchiliklari shaxsiy ma’lumotlar va qurilmadagi boshqa muhim axborotlarning himoyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…