Kim Chen In rossiyalik xonanda bilan sahnada ko‘rishdi

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Pxenyanda rossiyalik san’atkorlar ishtirokida o‘tkazilgan konsertda kutilmaganda sahnaga ko‘tarildi. U Rossiya xalq artisti Larisa Dolina bilan qo‘l berib ko‘rishdi va konsert dasturi uchun san’atkorlarga shaxsan minnatdorlik bildirdi.
26 noyabr kuni Shimoliy Koreya poytaxti Pxenyanda rossiyalik san’atkorlar ishtirokida katta konsert dasturi tashkil etildi. Unda Rossiya xalq artisti, mashhur xonanda Larisa Dolina ham qatnashdi. Bu haqda Rossiyaning Shimoliy Koreyadagi elchixonasi ma’lum qildi.
Konsertdan keyin e’lon qilingan videokadrlarda Kim Chen Inning sahnaga chiqqani aks etgan. Shimoliy Koreya yetakchisi sahnada Larisa Dolina bilan qo‘l berib ko‘rishgan, shuningdek, boshqa san’atkorlar davrasida birgalikda suratga tushgan.
Elchixona tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Kim Chen In Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi hukumatlararo komissiya yig‘ilishining birinchi kuni yakunlari munosabati bilan tashkil etilgan konsertda ishtirok etgan moskvalik san’atkorlarga shaxsan tashakkur bildirgan. U ularning chiqishlari va konsert dasturi uchun minnatdorlik izhor qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, 25–27 noyabr kunlari Pxenyan shahrida Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 13-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va turli sohalardagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Rossiya tabiiy resurslar vaziri hamda hukumatlararo komissiya hamraisi Aleksandr Kozlov muzokaralar yakunlari bo‘yicha ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar jadal sur’atlarda rivojlanayotganini ta’kidladi.
Vazirning qayd etishicha, ikki mamlakat yetakchilari tomonidan avval erishilgan kelishuvlar asosida belgilangan loyihalar bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilmoqda. Ular qatoriga Tuman daryosi ustida ko‘prik barpo etish, Moskva va Pxenyan o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, madaniyat va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish kabi tashabbuslar kiradi.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…