07:35 / 05.12.2017
4 998

Alisher Usmonov: "Men o‘z missiyamni O‘zbekistonga yordam berishda ko‘ryapman"

Алишер Усмонов: "Мен ўз миссиямни Ўзбекистонга ёрдам беришда кўряпман"
Milliarder Alisher Usmonov o‘z vatani - O‘zbekistonning yangi rahbariga tashqi dunyoga ochilishga yordam bermoqda va u "imkon qadar ko‘proq" O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritadi. Bu Alisher Usmonov O‘zbekistonning yetakchilari bilan hamkorligini tan olgan ilk intervyudir, deyiladi Kun.uz nashrida.

"Men qo‘limdan kelganicha O‘zbekistonga yordam berishga tayyorman va shunday qilyapman ham, - dedi Usmonov agentlikka telefon orqali bergan intervyusida. - Mening bugungi kundagi rolim - maslahatlashuvlar, maslahatlashuvlar va xayriya loyihalari".

O‘zbekistonga qancha mablag‘ yo‘naltirmoqchi ekani haqidagi savolga u "Qo‘limdan kelganicha", deb javob berdi.

U sarmoyalarga batafsil to‘xtalmadi, faqat gap orasida o‘zi 49 foiz aksiyasiga egalik qiluvchi Rossiyaning USM xolding kompaniyasi va O‘zbekistonning metallurgiya zavodi o‘rtasida aloqalar mustahkamlanayotganini aytib o‘tdi. Milliarder bu aloqalarning qaysi bosqichda ekaniga oydinlik kiritmadi.

64 yoshli Usmonov - Rossiyaning beshinchi eng badavlat kishisi. Forbes jurnalining Rossiyadagi nashri uning boyligini 15,2 milliard dollarga baholagan.

"Hozirgi rahbariyat amalga oshirayotgan moliyaviy islohotlarning dadilligini juda hurmat qilaman. Men aksariyat mamlakatlarda bo‘lgani kabi, bu 3-5 yil vaqt olsa kerak deb o‘ylagandim. Biroq bu yerda vaziyat bir yilda hal bo‘ldi", - dedi ishbilarmon.

"Avvallari O‘zbekistonga sarmoya kiritishdan hamma cho‘chirdi, chunki daromadlar repatriatsiyasi mexanizmi yo‘q edi. Bugun muammo qonun nuqtai nazaridan deyarli hal qilib bo‘lindi. Bu O‘zbekiston uchun ulkan, ilg‘or islohotlar", - dedi u.

Usmonov Islom Karimov davrida O‘zbekiston hukumati bilan aloqa o‘rnatmagan. Hatto Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganidan keyin ham, u O‘zbekistonning siyosiy hayotiga daxldorligini rad etgan, deyiladi manbada.

Alisher Usmonov matbuot xizmatining o‘tgan yilning oktyabrida Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, bu mavzu bo‘yicha gap-so‘zlar haqiqatdan yiroq. Biroq Usmonov O‘zbekistonga yordam berishga doim tayyor ekanini aytgan.

Usmonov va yangi prezident o‘rtasida aloqalar o‘rnatildi. Sentyabrda Mirziyoyev Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasida ishtirok etish uchun "Usmonov" aviakompaniyasining xususiy samolyotidan foydalandi.

Alisher Usmonov bu haqidagi savolga javob berarkan, shunday dedi: "Mirziyoyevning parvozi masalasi hal qilinayotganida men o‘sha yerda edim. Biroq parvozning uzoq davom etishi tufayli bu ishni amalga oshira oluvchi zarur toifadagi samolyot yo‘q edi. Men o‘z samolyotimni bepul berishga tayyor edim va bundan baxtiyor ham bo‘lardim, biroq O‘zbekiston bu ish faqat tijoriy asosda amalga oshirilishida qat’iy turdi va shunga kelishildi".

Ziroatxon Mirziyoyevaning jiyani Diyora, Alisher Usmonovning 2013 yilda avtohalokatda halok bo‘lgan jiyani Boburning turmush o‘rtog‘i bo‘lgani haqidagi savolga shunday javob berildi: "Diyora endi jiyanimning bevasi emas, u hozir boshqa bir insonning umr yo‘ldoshi va men unga baxt tilayman".

Shuningdek, Usmonovning so‘zlariga ko‘ra, u O‘zbekiston hukumati bilan islom madaniy merosining markazlari bo‘lgan Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarida tarixiy maskanlarni qayta ta’mirlashga doir loyihalar bo‘yicha ishlayotganini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, ko‘p mamlakatlar O‘zbekistonga sarmoya kiritishga harakat qiladi, buning uchun ularning kapitali himoyalanishiga kafolat berilib, qulay investitsion muhit yaratilsa bo‘lgani.

"Bu prezident o‘z oldiga qo‘ygan vazifalar va o‘ylaymanki, u bunga erishadi. Men imkon qadar ularga yordam beraman", - dedi Usmonov.

U o‘z yurtdoshlari, shu jumladan o‘zbekistonliklarni vatanining gullab-yashnashi va siyosiy jihatdan adolatli bo‘lishiga yordam berishga chaqirdi.

"Men o‘z missiyamni shunda ko‘ryapman, chunki bugungi nafaqa yoshida qo‘limdan keladigani - yordam berish va o‘z tajribam bilan bo‘lishish".

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Alisher Usmonov: "Men o‘z missiyamni O‘zbekistonga yordam berishda ko‘ryapman"