21:47 / 19.03.2018
6 771

«Xitoy mo‘’jizasi» muallifi - Den Syaopin tarixi

«Xitoy mo‘’jizasi» muallifi - Den Syaopin tarixi
Foto: © wikipedia.org
Xitoyning so‘nggi yutuqlari Den Syaopinning nomi bilan bog‘lanadi, siyosiy kursda esa Qayta qurishning muqobil tarixini ko‘rishadi. U davlat rahbari sifatida faoliyat yuritmagan, biroq 1970-yillar oxiridan to 1990-yillar boshigacha Xitoyni boshqargan hisob.

Fransuz davri


Foto: © wikipedia.org
Hayot yo‘li bolalikdan boshlanadi, deb to‘g‘ri aytishadi. Yosh Den Syanshen bilan ham shunday bo‘ldi. U 1904 yilda zamindor Den Venmin oilasida dunyoga keldi. Uning otasi o‘g‘liga sifatli ta’lim berishga harakat qilgan va uni Chunsinning eng yaxshi maktablaridan biriga joylagan. 1919 yilda Den eng faol o‘quvchilar qatorida Fransiyaga o‘qish uchun yo‘l olgan. Yosh xitoy ziyolisi Fransiyaga borib, biroz qiynalgan. Otasi bergan pullar yetmay, ishlashiga to‘g‘ri kelgan, biroq Fransiyada inqiroz davri bo‘lib, xitoyliklarni sharoiti yaxshi bo‘lmagan ishlargagina olishardi. Den qora ishchi, chilangar, ofitsiant bo‘lib ishlagan. Bu murakkab davr unga yangi ism olib kelgan – Syaopin. Aynan Fransiyada Syaopin kapitalizm «ajoyibotlari»ni ko‘rib, kommunizm sari ilk qadamini tashlaydi - 1924 yilda u Fransiyadagi Xitoy kommunistik guruhiga qo‘shiladi.

Ivan Dozorov
Tez orada «xavfli kommunistik agitator»ga ko‘z tikkan Fransiya hukumati ta’qibidan qochib, Den o‘qishini Moskvada davom ettirishga qaror qiladi. U yerda Sun Yatsen nomidagi Xitoy mehnatkashlari universitetiga o‘qishga kiradi. Konspiratsiya sifatida talabalik guvohnomasini Ivan Sergeyevich Dozorov nomiga oladi. Bu yerni Yevropa bilan taqqoslaganda farq juda katta edi - hammasi bepul. Mamlakat iqtisodiy o‘sishni boshdan kechirayotgan vaqtlar - yangi do‘konlar, restoranlar va boshqa ish joylari ochilayotgan davr. Talabalar uch mahal yaxshi ovqatlanishgan - go‘sht, baliq, sut, tuxum doimiy menyuda bo‘lgan, hatto ikra ham berishgan. Keyinchalik aynan shu ijobiy taassurotlar Syaopinning «Xitoy mo‘’jizasi»ga zamin bo‘ladi. Syaopin keyinroq bu haqida shunday xotirlaydi: «Men Rossiyaga eng avvalo qat’iy tartibga rioya qilishni o‘rganish hamda kommunistik bilimga ega bo‘lish, o‘z g‘oyalarim va xatti-harakatlarimni to‘liq kommunizatsiyalashtirishga kelgandim».

«Buyuk daho»

Foto: © wikipedia.org
Xitoyga qaytgan Den kambag‘allar, aholining aksar qismini tashkil etuvchi dehqon va ishchilarning holatiga yangicha nigoh bilan qaradi. Bu yerda u konservativ partiyaga qarshi kurashni davom ettiradi, Mao Szedun bilan aloqalarni faol qo‘llab-quvvatlaydi. Yosh Den kommunistlar yetakchisidan katta taassurotda edi. Syaopin uning ortidan ilk «siyosiy o‘lim»ni qabul qildi - 1933 yilda uni Mao g‘oyalariga rioya qilgani uchun barcha qatlamlardan siqib chiqarishdi. Biroq ikki buyuk insonning yo‘llari tezda ikkiga ajraldi, bunda shaxsiy omil muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Mao Szedun klassik despot bo‘lgan - u kun yarmida uyqudan turishi, karavotda yotib yoki ovqatlanib majlis o‘tkazishi mumkin edi. U o‘z talablarini ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri bayon qilmay, topishmoq shaklida bildirgan. Ba’zan Den buyuk daho nimani xohlayotganini bilmay qolardi. Biroq Syaopin uchun oxirgi nuqta Xitoyga haqiqiy halokat olib kelgan katta sakrash siyosati, Den himoyasiga shaylangan oddiy odamlarning o‘limi bo‘ldi, u aynan shu maqsadda kommunizm yo‘lini tutgandi, axir.

«Mushuk»
Katta sakrashdan keyin iqtisodiyotni qayta tiklash vazifasi Denning zimmasiga tushdi. U Mao siyosatini davom ettirish yangi fojialarga olib kelishini juda yaxshi anglardi. Faqat dekollektivizatsiya va iqtisodiyotni ozod qilish Xitoyni qutqarishi mumkin edi. Oxir-oqibat, «Mushuk qorami yoki oqmi, muhim emas, agar u sichqonlarni tuta olsa - yaxshi mushuk». Denning vatani - Sichuanda ko‘p ishlatilgan aynan shu maqol uning yangi siyosati shioriga aylandi. Aynan shu «mushuk» sabab Mao Szedun hech qachon Syaopinni kechira olmadi. Yangi siyosiy yo‘nalishda o‘z rejimiga tahdidni ko‘rgan buyuk daho Denni «kapputizm»da, kapitalistik yo‘nalishni tutishda ayblagan: «Bu insonni hech qachon sinflar kurashini hal qiluvchi zveno sifatida ko‘rmagan. Unga baribir - marksizmmi yoki imperializm», - degandi Mao. 1996 yilda dahoning yangi chaqirig‘i yangragan - «Shtablarga qarata o‘q». «Madaniy inqilob» boshlangan, Den Syaopin esa ikkinchi marta «siyosiy o‘lim topgan» - uni aybini mehnat bilan yuvishi uchun traktor zavodiga jo‘natishgan. Uning hatto nomini aytish ham taqiqlangandi. Den Syaopin endi yo‘q edi.

Kulrang kardinal
Den faqat Maoning o‘limi va uning ayoli tashkilotining qulashidan keyingina o‘zini tiklab oldi. 1980 yilda o‘z atrofiga tarafdorlarini to‘plab olgan Syaopin deyarli Xitoy hukmdoriga aylanadi. Biroq bu safar u «soyada qolish»ni afzal ko‘radi va Markaziy harbiy kengash raisi lavozimini egallaydi. Biroq bundan keyin «ball»ni aynan Syaopin boshqarardi. U «Bir mamlakat - ikki siyosiy tizim» shiorini olg‘a suradi. Syaopin erkin va aralash iqtisodiyot tamoyiliga amal qiladi hamda keyinchalik Xitoyni dunyoning eng yetakchi davlatlaridan biriga aylantirgan «xitoycha sotsializm»ni yaratadi.

Denning boshqa mamlakatlar bilan munosabatlari

Den Syaopin AQSh prezidenti Jerald Ford bilan. 1975 yil
Foto: © wikipedia.org

Denning sharofati bilan Xitoyning G‘arb bilan munosabatlari sezilarli darajada yaxshilandi. Den xorijiy mamlakatlarda ko‘p bo‘ladi va G‘arb yetakchilari bilan do‘stona uchrashuvlar o‘tkazadi. 1979 yilda Den AQShga borgan va Oq uyda prezident Jimmi Karter qabulida bo‘lgan.

Yaponiya-Xitoy munosabatlari ham ancha yaxshilangan. Den Yaponiyani iqtisodiy jihatdan tez rivojlanayotgan mamlakat sifatida misol qilgan.

Den Syaopin AQShda prezident Jimmi Karter bilan
Foto: © wikipedia.org

Yana bir yutuq - XXRning Buyuk Britaniya bilan 1984 yilgi kelishuvi - Xitoy-Britaniya qo‘shma deklaratsiyasi bo‘lgan. Unga ko‘ra, 1997 yilda Hongkong Xitoyga qaytarilgan. Portugaliya bilan ham shunday bitim imzolangan, unga ko‘ra, Makaoni Xitoyga qaytarishga kelishilgan.

Tyananmin maydoni

Foto: © wikipedia.org
O‘zining liberal islohotlariga qaramay, Den Syaopin o‘zi tanlagan yo‘liga sodiq qoldi. U Maoga o‘xshab rejim dushmanlari bilan pachakilashib o‘tirmagan, Tyananmin maydonidagi voqealar bunga yaqqol misol bo‘la oladi. SSSRdagi siyosiy liberalizatsiyadan ilhomlangan xitoylik talabalar va mahalliy ziyolilar vakillari siyosiy tizim erkinligini, ko‘p partiyaviylikni talab qilishgan. Bunga «tezkor islohotlar» tarafdori, bosh kotib Xu Yaobanning lavozimidan chetlatilishi va shundan keyin kutilmaganda yurak xuruji natijasida hayotdan ko‘z yumishi sabab bo‘ldi. Minglab namoyishchilar Tyananmin maydoniga yig‘ilishdi, ular Maoni tanqid qilib, Den Syaopin sharafini himoya qilib qichqirishardi. SSSRdagi voqealardan xavotirga tushgan Syaopin qo‘zg‘olonni bostirishga buyruq bergan.

Den Syaopindan islohotlarga oid hikmatli so‘zlar
«Men Xitoy xalqining o‘g‘loniman va o‘z vatanimni juda yaxshi ko‘raman», - degan Den Syaopin xorijiy nashrga bergan intervyularidan birida. Den Syaopin o‘zining donishmandligi va qat’iy irodasi bilan Xitoyni islohotlar va ochiqlik yo‘lidan olib bordi hamda mamlakat siyosati, iqtisodiyoti va madaniyatida katta o‘zgarishlarni amalga oshirishga ulgurdi. Quyida uning islohotlar haqidagi hikmatli so‘zlari keltirib o‘tiladi:

1. Islohotlar – Xitoydagi ikkinchi inqilob. Bu tavakkal bo‘lsa-da, juda muhim va zarur ish.
2. Mushukning qanday rangda ekani ahamiyatsiz, u sichqonlarni tutsa bo‘lgani.
3. Islohotlar siyosiy tizimning o‘zgarishini o‘z ichiga olishi kerak.
4. Fikrlash ochiq, islohotlarga doir qadamlar esa tezkor bo‘lishi kerak.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Xitoy mo‘’jizasi» muallifi - Den Syaopin tarixi