date
views 6 145

Ikkinchi marta uylanish tojikistonlik erkakka qimmatga tushdi

Ikkinchi marta uylanish tojikistonlik erkakka qimmatga tushdi
Tojikistonning Xatlon viloyatiga qarashli Vose’ tumanida istiqomat qiluvchi Saidmuhammad Ibrohimovning zavjasi o‘tgan yili ari chaqishi oqibatida hayotdan ko‘z yumgandi. Xotinidan to‘rt farzand qoldi. To‘ng‘ichi o‘g‘il, 24 ga kirgan. Rossiyada mardikorchilik qiladi. Yana bir o‘g‘il va qizi Dushanbeda yashashadi. Kenjasi ham qiz. U 16 ga qadam qo‘ydi. Sobiq qaynonasi qaramog‘iga olgan.

Xotini o‘lgach, oradan chamasi 8-9 oy o‘tib ikkinchi marta uylandi. Ayolni o‘zi topgandi. Bo‘lg‘usi qaynonasi va qarindoshlar nikoh marosimida Saidmuhammadning bolalari ham ishtirok etishini xohlashgandi. Qayoqda. Kelmaganlari yetmay, unga kun bermay qo‘yishdi. Biri qo‘yib boshqasi hadeganda qo‘ng‘iroq qilib, otasiga norozilik bildiraverdi. Oxiri bu noroziliklar haqoratlarga, qo‘rqitishlarga aylandi. Ikkinchi xotin bilan nari borsa bir oygina tinch, xotirjam yashadi. Ikkinchi oyga o‘tgach, bu haqoratlar bo‘g‘ziga kelib qadaldi. O‘zi sezmagan holda qo‘lida arqon bilan hovli kezadigan bo‘ldi. Ikkinchi xotini Marjona Rahimova ko‘rdiki, Saidmuhammad o‘zini qo‘yarga joy topa olmayapti. U asabiylashyapti, joni halqumiga kelgandek azobda qolgan. Faqat ichidagini ayta olmayapti xolos. Xotini yaxshilikchasiga ajrashishga qaror qildi. Bu haqda eriga ham aytdi. Bir qarorga kelganini bayon qildi.

Iloj qancha?!. Saidmuhammad rozi bo‘lishdan bo‘lak chorasi yo‘qligini bilardi. Xotinining javobini berdi. Ammo… Ertasi kuni uni og‘ilxonada arqonga osilgan holda ko‘rishdi.

Saidmuhammad isnod-u haqoratlarga, oqibatsizlik-u alamlarga chiday olmagan, o‘zini osishga qaror qilgandi.

Hozirgi vaqtda Vose’ tuman prokuraturasi ushbu fakt yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Manba: Hordiq.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ikkinchi marta uylanish tojikistonlik erkakka qimmatga tushdi