21:30 / 09.09.2018
4 964

Alisher Usmonovning “Sharqqa yurishi” nega yuz bermoqda?

Alisher Usmonovning “Sharqqa yurishi” nega yuz bermoqda?
“Arsenal” oʻrniga “Paxtakor”. Xitoy esa London oʻrnini egallaydi. Shunday qilib, asli oʻzbekistonlik Alisher Usmonov devesternizatsiya jarayoniga qoʻl urayotganiga guvoh boʻlishimiz mumkin. Bugun, 9 sentyabr kuni Toshkentdagi hovlisida tavallud ayyomini nishonlayotgan Rossiya fuqarosi nega gʻarbdan yuz oʻgirib, sharq tomon yuzlanmoqda?


“Arsenal”dagi ulushini sotib, asli tugʻilib oʻsgan vatanidagi “Paxtakor” futbol jamoasiga sarmoya kiritayotgan Usmonov Xitoyning Alibaba kompaniyasi bilan hamkorlik qilishni ham oʻylamoqda. Uning boshqaruvida boʻlgan “Megafon” kompaniyasi esa Londonda delisting oʻtkazishga urinmoqda. Gʻarbning yetakchi ijtimoiy tarmoqlariga emas, balki milliy raqamlashtirish platformalariga yoʻnaltirilayotgan pullar Usmonovning devestrenizatsiyaga roziligini bildiradi. Devesternizatsiya - gʻarbdan yuz burish va bu jarayonga boshqacha nom berishning imkoni ham yoʻq, ammo u nega bunday qarorga keldi?

Gʻarbda nima gap?

Senator Jon Nili Kennedi AQSH Senatining bank ishi qoʻmitasida tashkil etilgan eshituvda “Rossiya iqtisodiyotini qanday qilib tiz choʻktirish mumkin?”, deya hamkasblariga savol nazari bilan qaragandi. Bu haqda xabar tarqatgan Bloomberg nashriga koʻra, senator Kennedi amerikaliklar istagan siyosatni ochiqroq aytishga jazm etgan. U sanksiyalar faqat Vladimir Putin hokimiyatini kuchsizlantirishga emas, aynan rus iqtisodiyotiga zarba berish kerakligini biladi, bundan avval Rossiya hukumatini tanqid qilgan marhum senator Jon Makkeyn esa bunday deyishga kuch topolmagandi. Demak, masala kundek ravshan: Putin hokimiyatiga zarba berish uchun prezident tayanadigan kuch, ayniqsa uning atrofidagi milliarderlar faoliyatiga zarar yetishi lozim. Buni qanday amalga oshirish haqida avval ham aytgandik.

AQSH va Rossiya siyosatchilari bir-birlari haqida “Sovuq urush” davrida ham yangramagan ayblovlarni aytishga ulgurdi. Shunga qaramay, Rossiya biznes doirasi Gʻarbdagi hamkorlari bilan faol tadbirkorlikni davom ettirishi uchun hech qanday tahdid yoʻq edi. Vaziyat shu darajada gʻalizki, mantiqni tushunishingiz uchun Ukraina prezidenti Petro Poroshenkoga tegishli qandolat fabrikasi aslida Rossiya hududidagi Lipesk shahrida ekanini eslash lozim. Fabrika Donbassdagi fuqarolar urushi davrida ham faoliyatini toʻxtatmadi. 2013-2015 yillarda Poroshenkoga tegishli fabrika Rossiya byudjetiga 1 milliard rubldan ortiq mablagʻ keltirgan.

Usmonov xavfni koʻra oldimi?

Ammo, endi jarayonlarda oʻzgarish kuzatilmoqda, Forbes nazarida Rossiyaning eng boy fuqarosi deya tan olingan Alisher Usmonov mablagʻlarini Gʻarbdan qaytarmoqda. Bunga turtki boʻluvchi omillar juda koʻp boʻlishi mumkin. Masalan, Rossiyaga qarshi kiritilayotgan sanksiyalar endi toʻgʻridan-toʻgʻri emas, balki maʼlum ish doirasida qoʻllanishi har qanday rasmiy vakilning ayblov roʻyxatiga tortilib ketishini bildiradi.

Rus olamida hokimiyat vakillari har yerda kuzatilgan kabi tadbirkorlarga yaqin va sanksiyalar taʼsiriga birinchi navbatda Usmonovdek shaxslar tushishi hech gap emas. AQSHdagi prezidentlik sayloviga rus hakerlarining aralashuvi, Skripallar oilasiga qilingan suiqasd va bir qancha shunday voqealar ortida kim turgani aniqlanmay qolishi boshqa xavfni paydo qiladi. Mazkur ishlarga aralashgan kishilar rus tadbirkorlari bilan apoq-chapoq boʻlishi, bu esa oʻz oʻrnida sanksiyalar domiga tadbirkorlar ham tortilishini anglatadi. Bu aynan yakka shaxsga qaratilgan ayblov emas, balki kulrang kardinallarga hujum qilish deganidir.

Ayni chogʻda Usmonov ham Gʻarb bilan Rossiyaning munosabatlari yanada taranglashib qolsa, oʻzining tadbirkorlik faoliyatiga Gʻarb tomondan maksimal darajada taʼsir etilishiga yoʻl qoʻymasligi lozim. “Putin doʻstlari” Viktor Vekselberg, Oleg Deripaska taqdiri boshqalarni qanchalik bezovta qilgan boʻlsa, Alisher Usmonov ishlab chiqqan “Arsenal” oʻrniga “Paxtakor” modeli shunchalar oqilona yoʻldek koʻrinmoqda.

Agar Alisher Usmonovda hammasi xamirdan qil sugʻurganday kechsa, (hozircha uning ishlari besh) bunday sxema boshqa rus tadbirkorlariga ham qoʻl keladi. Shuningdek, tez orada devesternizatsiya atamasiga koʻproq murojaat etishimiz lozim boʻladi.
Alisher Roʻzioxunov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Alisher Usmonovning “Sharqqa yurishi” nega yuz bermoqda?