23:20 / 16.11.2018
2 224

Qirg‘iziston prezidenti oilasida nimani muhokama qilish taqiqlanganini aytdi

Qirg‘iziston prezidenti oilasida nimani muhokama qilish taqiqlanganini aytdi
Bugun, 16 noyabr kuni Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov o‘zining 60 yoshlik yubileyini nishonladi. U 24.kg axborot agentligiga eksklyuziv intervyu berdi. Quyida Qirg‘iziston yetakchisining intervyu davomidagi ayrim javoblari bilan tanishishingiz mumkin.

Jeenbekovning aytishicha, unga ijtimoiy tarmoqlarning kunlik va haftalik sharhini taqdim etishadi, ijtimoiy tarmoqlardagi asosiy trendlardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lib turadi.

“Kamdan-kam holatlarda, bo‘sh vaqtim bo‘lib qolganida Facebook’dagi sahifamga kirib turaman. Ertalabki ish vaqtim yetakchi axborot saytlarini o‘qishdan boshlanadi, radio tinglayman. Oqshom payti uyda internetni ko‘rib chiqaman, yordam berish, javob qaytarish lozim bo‘lgan murojaatlarning havolalarini yuboraman. Fuqarolarimizning faolligidan, men bilan uchrashuvlarda, ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaatlarida barcha muammolar to‘g‘risida ochiq aytishlaridan xursandman. Haqiqiy hayotdan uzoqlashib ketmasligim uchun bu prezidentga bo‘lgan katta yordamdir”, dedi u.

Qirg‘iziston prezidentining so‘zlariga ko‘ra, ular oilada o‘n bir farzand bo‘lishgan, sakkiz nafar – to‘rt o‘g‘il, to‘rt qiz qolishgan. Ular prezidentning faoliyatiga umuman aralashishmaydi.

“Ilgari ham qanday lavozimda bo‘lmay, ishimni oilam bilan ham, qarindoshlarim bilan ham muhokama qilmaganman. Bizning oilada bu taqiqlangan. Agar ulardan birortasi bilan davlat ishlarini bir marta muhokama qiladigan bo‘lsam, keyinchalik shunday davom etishi mumkinligini bilaman. Shuning uchun qarindosh-urug‘larim mening oldimda kadrlar masalasi yoki boshqa masalalarni ko‘tarishmaydi.

Prezidentlik oilaviy emas, balki juda mas’uliyatli oliy davlat ishi. Bu hayotimdagi eng mas’uliyatli davr. Vatandoshlarim menga mamlakat, xalq taqdirini ishonib topshirgan. Xudoning xohishi bilan Qirg‘iziston prezidenti etib saylandim. Qirg‘izistonliklarning ishonchini oqlash uchun bor kuch, bilim va tajribamni sarflayman.

Agarda kimdir mendan xafa bo‘lsa va zimmamdagi mas’uliyatni tushunmasa, demak, u menga qarindosh ham, do‘st ham emas. U bilan xayrlashishimga to‘g‘ri keladi. Men uchun davlat manfaati hamma narsadan ustun. Qarindoshlarim bilan muloqot qilaman, rishtalarni uzmayman, ammo prezidentlik lavozimida men yetimman, yolg‘izman. Qarorni shaxsan o‘zim qabul qilganim bois mas’uliyat ham shaxsan mening zimmamda. Men uchun hech kim javob bermaydi”, dedi Jeenbekov.

Muxbirning prezidentni mashhur multfilmlardan birining qahramoniga o‘xshatishlari, u haqida ko‘plab memlar chiqarilganiga qanday munosabat bildirishi to‘g‘risidagi savoliga Qirg‘iziston rahbari “Meni kimga o‘xshatishlarini, nima uchun tanqid qilishlari va nima uchun maqtashlarini bilaman. Bunga e’tibor bermayman. Xalqimiz ijodkor, o‘z ijodini ijtimoiy tarmoqlarda joylashtiradi. Mem muallifining bosh prokuraturaga chaqirtirilgani haqida kecha internetda o‘qidim va ushbu organning bu ishidan norozi bo‘ldim”, deb javob qaytardi.

Sooronbay Jeenbekovning fikricha, uning uchun ideal davlat:

Birinchidan, o‘z majburiyatlarini vijdonan bajaradigan hamda mamlakat va xalqini yuqoriga olib chiqadigan adolatli, halol rahbar. Ыymanduu biylik – iymonli hukumat.

Yosh-qari yoki nogiron bo‘ladimi, qarovsiz, qashshoq odamlari bo‘lmaydi, qonun va inson huquqlari barcha narsadan ustun.

Iqtisodiyotda ham, siyosatda ham yaxshi ma’noda kuchlilar va eng yaxshilar g‘alaba qozonishi uchun sog‘lom raqobat mavjud.

Erkin ommaviy axborot vositalariga ega bo‘lgan iqtisodiy rivojlangan parlament respublikasi bo‘ladi.

“Muammoni hal qilish qo‘lida bo‘lsa ham sansalorlik qilib uni hal etmaydigan loqayd rahbarlar, yolg‘onchilar, adolatsiz insonlar, so‘zi boshqa ishi boshqa odamlar, o‘z manfaati yo‘lida davlatga bilib turib zarar yetkazadiganlarga toqat qilolmayman”, dedi Qirg‘iziston prezidenti.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Qirg‘iziston prezidenti oilasida nimani muhokama qilish taqiqlanganini aytdi