
Sovet shaxmatchisi Boris Spasskiy AQSH jamoasi tomonidan koʻrsatilgan ruhiy bosim tufayli 1972 yilda jahon chempionligi uchun oʻyinda amerikalik Robert Fisherga magʻlub boʻlgan. Oʻsha paytda Reykyavikda grossmeyster bilan birga boʻlgan Rossiya Tashqi razvedka xizmati faxriysi Georgiy Sannikov shunday fikrda. Bu haqda u RIA Novostiʻga aytib oʻtdi.
“Bosim oʻyinga qadar boshlangandi, oʻshanda Fisher oʻzining bir nechta intervyusida yaqinlashib kelayotgan gʻalabasi toʻgʻrisida atayin gapirgan. Shu bilan birga, u sportdan ancha uzoq boʻlgan iboralarni qoʻllagan”, - deya taʼkidlab oʻtdi sobiq razvedkachi.
Uning soʻzlariga koʻra, oʻyin davomida raqiblar Spasskiyni muvozanatdan chiqarishga bor kuchi bilan harakat qilishgan. “Fisher turli qiliqlar koʻrsatgandi va bunga hech qanday izoh bermagan. Toʻsatdan partiya boshlanishini boshqa vaqtga koʻchirishi mumkin edi. Yoki, aytaylik, tomoshabinlarni birinchi qatordan uzoqlashtirishni talab qilardi”, - deya tushuntirgan Sannikov.
Faxriy qoʻshimcha qilishicha, razvedka iltimosiga binoan, grossmeysterning rafiqasi Reykyavikka qoʻllab-quvvatlash uchun Moskvadan uchib kelgan, ammo “yutqazilgan partiyalarni qaytarishning iloji yoʻq edi”.
Spasskiy va Fisher oʻrtasidagi oʻyin 1972 yilning yozida Islandiya poytaxtida boʻlib oʻtgan. Sovuq urush davrida SSSR va AQSHdan boʻlgan raqiblarning uchrashuvi butun dunyoda katta shov-shuv keltirib chiqarib, janjallar va bosim bilan davom etgan. Matbuotda uni koʻpincha “asr oʻyini”, deb atashadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar