
Ukraina prezidentligi uchun saylovlarda g‘olib bo‘lgan shoumen Vladimir Zelenskiy saylovning ilk natijalari e’lon qilingach, o‘z shtabida g‘alabani nishonladi va ukrain xalqiga murojaat qildi.
U o‘z murojaatida ijro hokimiyatidagi amaldorlarni ishdan olishni va’da qilgan. Xususan, u birinchi navbatda «eski jamoa» vakili sifatida Ukraina bosh prokurori Yuriy Lutsenko lavozimini tark etishini bildirgan. U shuningdek, sohadagi boshqa yuqori lavozimli amaldorlar ham almashtirilishi zarurligi haqida gapirgan.
Rossiya bilan munosabatlar haqidagi savolga javoban Zelenskiy o‘z prezidentligining ilk haftasida birinchi navbatda uning jamoasi qilishi kerak bo‘lgan ish Kerch bo‘g‘ozidagi hodisadan keyin Rossiya tomonidan asir olingan dengizchilarni qaytarish ekani haqida aytib o‘tgan. U shuningdek, o‘z prezidentligi davrida Ukraina Minsk kelishuvlari doirasida ish olib borishi va Rossiya bilan «normand to‘rtligi» bo‘yicha hamkorlik qilishini bildirgan.
21 aprel kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarning ikkinchi turida Zelenskiy amaldagi prezident Pyotr Poroshenkoni katta farq bilan ortda qoldirdi. Saylovchilarning 62,83 foizi qatnashgan (birinchi turda davomat 63 foizni tashkil etgandi) saylovda MSK 90 foizdan ortiq ovozlarni qayta ishlaganidan keyin Zelenskiy 73,19 foiz ovoz bilan yetakchilik qilmoqda.
Qayd etish kerakki, Zelenskiy saylovoldi kampaniyasi davrida ham bir necha marta Ukrainadagi sud-huquq tizimi islohotlarga muhtoj ekani haqida gapirgan va prezident bo‘lib saylansa, bu tizimlarda kadrlarni almashtirishga va’da bergandi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar