09:39 / 02.10.2019
5 164

Eng kambag‘al prezident: u pora olmas, qimmat transportda yurmas, oyligini yetimxonalarga o‘tkazardi

Eng kambag‘al prezident: u pora olmas, qimmat transportda yurmas, oyligini yetimxonalarga o‘tkazardi
1983 yil 4 avgust kuni Afrikadagi Yuqori Volta davlatida navbatdagi zerikarli voqea – davlat to‘ntarishi sodir bo‘ldi. Bu so‘nggi 17 yildagi 4-to‘ntarish edi. Hokimiyatni milliy armiyaning 33 yoshli kapitani Tomas Sankara egalladi. Bungacha u marksistik-leninistik qarashlari uchun uy qamog‘iga hukm qilingan edi. Sankara yashab turgan uyidan chiqiboq mamlakat nomini “Burkina Faso” – “halol odamlar yurti”ga o‘zgartirdi (u hozirgacha shunday ataladi). Aholi bu voqeani loqayd qabul qildi: “yana bir harbiy to‘da kelibdi-da”. Hech kim bu to‘ntarishdan yangilik kutmasdi.

Ammo ular adashgan edi. Afrikada mahalliy prezidentlar odatda shunday ish ko‘rib kelgan – hokimiyatni egallaydi, muxolifatni jismonan yo‘q qiladi, yangi inqilobdan keyin esa jomadon to‘la pul bilan Yevropa yoki Amerikaga qochadi. Sankara esa boshidanoq oyiga 2 000$ lik prezident maoshidan voz kechib, armiya zobiti oladigan 450$ ga qanoat qildi, shuni ham yetimxonalarga berardi.

Amaldorlar yer chopishga
Kapitanning keyingi qadamlari Afrika uchun ham, bugungi zamonaviy Rossiya o‘lchovlari uchun ham kutilmagan va dahshatli bo‘ldi: u hukumat qo‘nalg‘asida turgan barcha qimmat “Mersedes”larni sotib yuborib, o‘rniga yoqilg‘ini kam sarflaydigan, oddiy Reno 5 avtomobillarini sotib oldi; amaldorlarning oyligini qisqartirib, ularning biznes-klassda uchishini taqiqladi; Sankaraning o‘zi ham qo‘shni davlatlarga rasmiy tashrif bilan borganda samolyotning iqtisodiy-klassiga chipta sotib olardi.

Tomas o‘zining ish xonasida jazirama yozda ham konditsionerdan foydalanmas va “Modomiki, bizdagi aksar odamlar bunday imkonga ega emas ekan, bu hashamatdan foydalanish uyat. Hechqisi yo‘q, terlab turamiz”, der edi. Davlat tuzilmalarida ishlaydigan xodimlarga qimmat yevropacha kostyumlardan voz kechish va mahalliy to‘qimachilar ishlab chiqargan paxtadan bo‘lgan ustki kiyimlarni kiyish buyurildi. Har yangi yil arafasida vazirlar o‘zining bir oylik maoshini kambag‘allarga ehson qilishi lozim edi.

Ko‘plab amaldorlar fermalarda ishlash, yer chopish, sigirlarga qarash uchun jo‘natildi – “oddiy xalq qanday yashayotgani, tirikchilik uchun qancha topayotganini bilinglar”. Bundan tashqari, prezident vazirliklarga o‘z portretlarini osmaslikni buyurdi: “Mening yuzim nima uchun kerak? Bizda xuddi menga o‘xshagan yetti million kishi bor!”

Erlar xotini uchun ovqat qilishga majbur
Amaldorlar aqldan ozay der, ammo bu faqat boshlanishi edi. Sankara barcha erkaklarga yilda bir marta bo‘lsa ham bozorga borib ro‘zg‘or qilish va ayoli uchun tushlik qilib berishni buyurdi: “Ularni qanday sevishingizni ko‘rsating, hayotini yengillashtiring, uyda, bolalar bilan qanchalik qiynalishlarini his qiling”. 8 mart Burkina Fasoda davlat bayrami bo‘lganini eslatish shart emasdir.

Barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar o‘tkazildi: yirik zamindorlardan olib qo‘yilgan yerlar dehqonlarga bug‘doy ekish uchun berildi, natijada g‘alla hosili 2,5 baravarga ko‘payib, mamlakatda ocharchilik xavfi yo‘qoldi. Tomas G‘arbiy Yevropa va AQShning oziq-ovqat yordamidan voz kechdi: “Bu yorug‘ dunyoda hech narsa shunchaki, beg‘araz bo‘lmaydi. Kim seni boqayotgan bo‘lsa, o‘sha seni nazorat ham qiladi”.

Uning yana bir chiqishi G‘arbni umuman qo‘rqitib yubordi: Sankara Afrika davlatlari qarzlarni to‘lamasligi mumkinligini aytdi – “Kambag‘al va ezilgan xalqlar o‘z pulini badavlat ezuvchilarga berishi qiziq ish-ku!” Prezident poytaxt Uagaduguda Burkina Faso tarixida ilk supermarketni ochdi – bu yerda oziq-ovqat mahsulotlariga qat’iy narx belgilandi.

Sankara tomonidan ta’sis qilingan xalq-iqilobiy tribunallari mamlakat bo‘ylab poraxo‘rlikka botgan, davlat byudjetini o‘margan va “aksilinqilobchi” amaldorlarning ishini taftish qila boshladi. Hech kim qatl qilinmadi – Tomas o‘lim jazosini bekor qilgandi, ammo qamoq muddati hazilakam emas edi: 100 dollar pora uchun 10 yil.

Sankaraning boshi uchun 5 million
Sahrolashishning oldini olish uchun Tomas Sankara 10 millionta daraxt ko‘chatini o‘tqizdirdi. 2,5 million nafar bola emlandi, yuqumli kasalliklar tarqalishining oldi olindi. Qabila sardorlari imtiyoz va mol-mulklaridan mahrum qilindi. Dehqonlardan o‘lpon olish va “qabila yerlari”da tekinga ishlab berish amaliyoti bekor qilindi. Burkina Faso Xalqaro Valyuta Fondidan xonavayron qiluvchi foizlarga ega qarz olishni to‘xtatdi. Umuman olganda, G‘arb buni qabul qila olmas edi. Bundan tashqari, Sankara Leninni ulug‘lar, Kuba va SSSR bilan yaqin aloqada edi – Yevropa va Amerikada hech kim Afrikaning qoq yuragida yangi sotsialistik davlat paydo vujudga kelishidan xursand bo‘lmadi.

Fransuz maxsus xizmatlari navbatdagi davlat to‘ntarishini tayyorladi (Burkina Faso muqaddam ayni davlatning mustamlakasi bo‘lgan), buning uchun o‘sha davrda katta miqdor sanalgan 5 million dollar ajratdi. Fitnada qatnashishni istaganlar osongina topildi: poraxo‘r amaldorlar orasida ham, qabila sardorlari orasida ham prezidentdan darg‘azab bo‘lganlar yetarlicha edi. Ba’zi harbiylar ham Sankaraning siyosatidan norozi, sababi, u qo‘shni Mali davlati bilan yuzaga kelgan qisqa chegara urushida raqib tomondagi tinch aholi ustiga bomba yog‘dirishga izn bermagandi.

Uch gitara va to‘rt velosiped
1987 yil 15 oktyabrda bir guruh askarlar Tomas Sankaraning poytaxt Uagadugudagi qarorgohiga hujum qildi. Ularga prezidentning yaqin do‘sti, eski ittifoqdoshi, hukumat vaziri bo‘lgan kapitan Bleyz Kompaore boshliq edi. Sankara qo‘lga olinib, o‘ldirildi – tanasini bo‘laklarga bo‘lib, nomsiz qabrga dafn etishdi. 2015 yili jasad qoldiqlari qayta qazib olinib, tekshiruvdan o‘tkazilganida Burkina Faso yetakchisi hech qanday sud va tergovsiz otib tashlangani ma’lum bo‘ldi: sobiq prezident tanasida 3 xil quroldan otilgan 12 ta o‘q izi topildi.

To‘ntarishni uyushtirgan Kompaore sobiq yetakchini poraxo‘rlikda ayblashga behuda urinib ko‘rdi, ammo bundan hech narsa chiqmadi. Sankaraning shaxsiy buyumlari to‘liq tintib chiqilganida uning zanglab ketgan Pejo avtomobili, eski sovutkichi, singan muzlatgichi, uch dona gitara va to‘rtta velosipedi borligi ma’lum bo‘ldi. Shveysariya banklarida hech qanday bank hisoblari, hech qanday Rolls-Roys avtomobili, oltin quymalar va brilliantlar topilmadi.

Xalqqa “kommunistik rejim o‘rniga haqiqiy demokratiya” va’da qilgan Bleyz Kompaore odatdagi harbiy diktatorlardek 27 yil davomida hokimiyatda qoldi, faqat 2014 yilga kelibgina xalq qo‘zg‘oloni natijasida taxtdan ag‘darilib, xorijga qochishga majbur bo‘ldi.

Tomas Sankara esa “Afrikaning Che Gevarasi” – chinakam inqilobchi va siyosatchilar orasida juda kam uchraydigan, o‘z manfaatlarini ko‘zlamaydigan shaxs sifatida odamlar xotirasida qoldi.

Manba: Sof.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Eng kambag‘al prezident: u pora olmas, qimmat transportda yurmas, oyligini yetimxonalarga o‘tkazardi