13:38 / 20.10.2019
3 363

Turkmanistonda davlat muassasalari xodimlari paxta terimi uchun pul berishni istamagani uchun ishdan bo‘shamoqda

Turkmanistonda davlat muassasalari xodimlari paxta terimi uchun pul berishni istamagani uchun ishdan bo‘shamoqda
Foto: «Informburo.kz»
Turkmaniston viloyatlaridagi davlat muassasalari xodimlaridan paxta rejasini to‘ldirish maqsadida pul yig‘ib olinishi holatlari davom etmoqda. Bu kabi yig‘imlardan charchagan xodimlarning ko‘pchiligi o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shab ketayotganligi xabar qilindi.

Manbaga ko‘ra, 14 oktyabrda Lebob viloyati hokimligida tuman hokimlari, katta korxonalar rahbarlari va vazirlik hamda qo‘mitalarning boshqarma boshliqlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan. Unda paxta terimi hamda bug‘doy ekishga tayyorgarlik masalalari muhokama qilingan. Yig‘ilishda viloyat hokimi barcha byudjet tashkilotlari xodimlarining oktyabr va noyabr oyidagi maoshlaridan 100-200 manatdan pul ushlab qolinishini ma’lum qilgan.

«Bu pullar Axal viloyatining paxta rejasini birinchi bo‘lib bajarishi uchun ushlab qolinadi», — deya ta’kidlagan hokim.

Mavsum boshlanganidan beri Turkmanistonning Lebob viloyati terimchilarining aksariyati Axaldagi yig‘im-terim ishlarida ishtirok etib kelmoqda.

Hokimiyatda o‘tgan ushbu yig‘ilishdan keyin Lebob viloyatidagi byudjet tashkilotlarida ishlovchilar, jumladan, Turkmanobod shahridagi bolalar bog‘chalarining tarbiyachi va enagalari o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shagan.

«Turli bayramlar uchun talablar, prezident kitoblarini majburiy sotib olish, gazeta-jurnallarga majburiy obuna, rahbariyatga sovg‘a berish, bug‘doy ekish va paxta terimi uchun pul berish jonga tegdi. 900-1200 manat maoshning yarmi bu kabi yig‘-yig‘larga ketadi. Bu ham yetmagandek shanbaliklarning keti uzilmaydi, paxta terimiga ham chiqamiz», — deya qayd etgan Turkmanistondagi bog‘chada ishlovchi tarbiyachilardan biri.

Intervyu bergan xodim «Ishdan bo‘shash uchun ariza yozdingizmi?», deya berilgan savolga barcha byudjet muassasalari xodimlariga allaqachon tegishli qolipdagi arizlar yozdirilib, yig‘ib olinganini bildirgan.

Xodimlar ishga kirayotgan vaqtda «Agar mamlakatdagi ulkan bunyodkorlik ishlari yo‘lidagi ommaviy tadbirlarda ishtirok etmasam va rahbariyat mening harakatlarimda davlat rahbariyati hamda xalqqa nisbatan hurmatsizlik ifoda etilsa, o‘z lavozimimdan ozod qilinishimga hech qanday e’tiroz bildirmayman», — degan mazmundagi arizalarni yozgan.

Lebob viloyatidagi litseylarning o‘qituvchilari va texnik xodimlarining maoshlaridan ham pul ushlab qolinishi e’lon qilingan. Ularning oyliklari uncha katta bo‘lmagani sabab ikki oyga 80 manatdan 160 manat ushlab qolinadi.

Axal viloyatining hokimi mamlakat rahbari Gurbanguli Bedimuhamedovning o‘g‘li Serdar Berdimuhamedov hisoblanadi. Boshqa viloyatlar hokimlari o‘zaro kelishib ushbu hududdagi paxta rejasining birinchi bo‘lib amalga oshirilishiga yordam bermoqchi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turkmanistonda davlat muassasalari xodimlari paxta terimi uchun pul berishni istamagani uchun ishdan bo‘shamoqda