date
views 4 185

Usmoniylarga qarshi serial arablarni ikkiga bo‘ldi

Usmoniylarga qarshi serial arablarni ikkiga bo‘ldi
“Usmoniylar davridagi vahshatga to‘la tarixni fosh etish uchun olingan serial” arab matbuotida bahslarga sabab bo‘ldi, deya xabar bermoqda VVS.

“Otash qirolliklari” deb nomlangan serial BAAda joylashgan va Saudiya Arabistoniga qarashli MBC TV telekanali tomonidan suratga olingan. O‘tgan yili MBC kompaniyasi arab dunyosida mashhur turk seriallari namoyishini taqiqlagan edi.

Serialda Misrda mamluklarning oxirgi kunlari va mamlakatning XVI asrda usmoniylarning nazoratiga o‘tishi hikoya qilingan.
O‘n to‘rt qismdan iborat serial 40 million dollarga tushdi. Rejissyorlik ishi britaniyalik Piter Vebberga yuklatildi. Serialning ilk qismi 17 noyabrda namoyish etildi. Serialning shiori – “Bir saltanat qon bilan boshqarildi. Bu ularning la’nati bo‘ldi”.

Misrlik ssenariy muallifi Muhammad Sulaymon BAAning Al-Ayn nashriga bergan intervyusida “tarixiy ma’noda xatolardan butkul xoli hikoya” yozishga urinishganini aytib, “usmoniylar davri qatliomlarga to‘la” bo‘lganini ta’kidladi.

Saudi Gazette nashri mazkur serial 2019 yilda arab dunyosidagi eng yirik loyiha bo‘lganini yozdi. “Usmoniylar qo‘l urgan jinoyatlar xaspo‘shlangan va tarix soxtalashtirilgan bu davrga oid haqiqatlarni oshkor qiladi”, – deyiladi serial haqidagi maqolada.

Saudiya Arabistoni, BAA va Misrda hukumatga yaqin ommaviy axborot vositalari “Otash qirolliklari”ni maqtovga ko‘mdi. Qatarda joylashgan Al Jazeera esa internet sahifasida “BAA Turkiyaning tarixini noto‘g‘ri ko‘rsatishga urinyapti”, deya yozdi.

Resala Post nashri mualliflaridan biri Muhammad Asad ham mazkur serialda musulmonlarning tarixi noto‘g‘ri talqin qilingan degan fikrda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Usmoniylarga qarshi serial arablarni ikkiga bo‘ldi