date
views 3 543

Prezident samolyoti hamon Nazarboyevda: Qozogʻistonning haqiqiy rahbari kim?

Prezident samolyoti hamon Nazarboyevda: Qozogʻistonning haqiqiy rahbari kim?
Foto: REUTERS/Jonathan Ernst
Prezident samolyoti yoki Qozogʻistondagi birinchi raqamli bort hali ham Nursulton Nazarboyevning tasarrufida. Bu haqda REX AA xabar bermoqda.

Qozogʻistonning haqiqiy prezidenti kim?
“Vorisiga amalini topshirganidan keyin, janob Nazarboyev Toʻqayevga prezidentlik borti - 250 million dollarga baholangan Airbus A330-243 Prestige laynerini ham berishi kerak edi. Ammo bu yuz bermadi. Natijada, Qozogʻistonda noyob holat yuzaga keldi, mamlakatda bir vaqtning oʻzida ikkita prezident samolyoti ishlatilyapti. Ulardan birida sobiq davlat rahbari, ikkinchisida esa yangi prezident parvoz qilmoqda”, - deb yozadi OAV.

ACS aviatsiya charter xizmati jurnalistlari ushbu masala boʻyicha kichik tekshiruv oʻtkazdi. Ularning aniqlashicha, yuqorida aytib oʻtilgan, UP-A3001 bort raqamiga ega hamda Nursulton Nazarboyev tomonidan maqom jihatidan eng muhim davlat tashriflari vaqtida foydalanilgan Airbus A330-243 Prestige layneri sobiq davlat rahbari ixtiyorida qolgan.

Airbus A330-243 Prestige
Bundan tashqari, bunday bort raqamiga ega havo kemasi, 2019-yil oktyabr oyi oxiridagi maʼlumotlarga qaraganda, davlatning birinchi shaxsi va rasmiy delegatsiyalar aʼzolari parvozini taʼminlaydigan “Berkut” davlat aviakompaniyasi balansida emasligi maʼlum boʻldi.

Layner “Qozogʻiston - Hukumat” operatori flotida qayd etilgan. Agar, Elboshi va Qozogʻiston Xavfsizlik kengashi raisi Nursulton Nazarboyevning faoliyati toʻgʻrisidagi xabarlar aviatsiya harakatlarini kuzatish uchun moʻljallangan onlayn-monitoring manbalari maʼlumoti bilan taqqoslansa, unda UP-A3001 bort raqami boʻlgan layner sobiq prezident tasarrufida qolganini koʻrish mumkin.

Qosim-Jomart Toʻqayev va Nursulton Nazarboyev
Yangi prezident-chi? Qozogʻiston prezidenti sifatida Rossiyaga birinchi davlat tashrifi paytida Qosim-Jomart Toʻqayev butunlay boshqa layner - Airbus A321-211(CJ)dan foydalangan - bu havo kemasi shundan beri uning birinchi bortiga aylandi. Aynan ushbu samolyot bugungi kunda “Berkut” davlat aviakompaniyasining balansida.

Hozirda aviakompaniya flotida 11ta samolyot mavjud boʻlib, ular orasida yuqorida aytib oʻtilgan Airbus A321-211(CJ)dan tashqari, Airbus A320-214(CJ) Prestige, Boeing 757-200, SRJ-200, Bombardier Challenger 850, ikkita Mi-8 vertolyoti (borish qiyin boʻlgan togʻli hududlar uchun), bitta Il-76 va toʻrtta An-2 bor. Davlat aviakompaniyasi hukumat delegatsiyalari, shuningdek, davlatning birinchi shaxsi parvozlarini amalga oshiradi.

Shu tariqa, Qozogʻistonda gʻayrioddiy vaziyat yuzaga keldi - mamlakatda aslida hokimiyat almashinuvi roʻy berdi, ammo buni faqat uning boʻlinishi tarzida koʻrish mumkin. Yaʼni, respublikada hozir ham amaldagi prezidentda, ham sobiq davlat rahbarida birinchi raqamli samolyot bor, deb yozadi OAV.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Prezident samolyoti hamon Nazarboyevda: Qozogʻistonning haqiqiy rahbari kim?