date
views 3 337

«Xuddi kinolardagidek» - Aviahalokatdan omon qolganlar hodisa qanday yuz bergani to‘g‘risida

«Xuddi kinolardagidek» - Aviahalokatdan omon qolganlar hodisa qanday yuz bergani to‘g‘risida
Foto: Pavel Mixeyev / Reuters / Scanpix / LETA
27 dekabr kuni Qozog‘istonning Bek Air aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti Olmaota shahri aeroportidan havoga ko‘tarilish vaqtida halokatga uchradi. Samolyot bortida 93 yo‘lovchi va ekipajning 5 a’zosi bo‘lgan. Samolyot havoga ko‘tarilish vaqtida balandlikni yo‘qotib, beton to‘siqni buzib o‘tgan va ikki qavatli imoratga borib urilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 15 kishi halok bo‘lgan, 35 kishi tan jarohati olgan. Aviahalokat sababli Qozog‘istonda 28 dekabr milliy motam kuni deb e’lon qilingan.. «Meduza» halokatdan omon qolgan yo‘lovchilarning voqea to‘g‘risidagi hikoyalarini jamladi.

«Samolyot ikki marta ko‘tarildi va balandlikni yo‘qotdi. Keyin qo‘rqinchli tovush eshitildi» - Ismini aytmagan yo‘lovchi
Men ko‘p parvoz qilaman. Samolyot soat 07:05da havoga ko‘tarilishi kerak edi. Ammo kechikdi. Bizga xavfsizlik qoidalarini tushuntirishayotganida men mudrayotgandim. Kech qolaman deb tuni bilan uxlamagandim. Samolyot havoga ko‘tarilayotganida uyg‘onib ketdim. Samolyot ikki marta ko‘tarildi va balandlikni yo‘qotdi.

So‘ngra qo‘rqinchli tovush eshitildi — dvigateldanmi, boshqa joydanmi. Samolyot og‘ib ucha boshladi. Hammasi xuddi kinolardagidek edi: chinqiriqlar, dod-voylar, odamlarning yig‘isi. Bularning barchasini tasvirlay olmayman, judayam qo‘rqinchli. Keyin esa zarba, gumburlash va ro‘paramda qandaydir temir oldimni to‘sib qo‘ydi.

Kimdir «Chiqinglar!» deb baqirdi. Men gapirish qobiliyatimni yo‘qotgandim. Men samolyot qanotida o‘tirgandim. Samolyot yerda ekanligini, portlashi mumkinligini aytib qichqirishdi. Xuddi tush ko‘rayotgandek edim.

«Old qismda odamlarni tom qisib qoldi» - Aslan Nazaraliyev
Hammamiz samolyotga o‘tirdik, u ko‘tarila boshladi. Keyin tebranish boshlandi: avvaliga chap qanot, so‘ngra o‘ng qanot. Samolyot silkina boshladi, lekin yuqoriga ko‘tarilishda davom etdi. Keyin esa pastga sho‘ng‘iy boshladi va yerga yoki binoga urildi. Shu paytda old qismda, 14-qatorgacha bo‘lgan odamlarni tom qisib qoldi.

Mening joyim o‘ng tarafdagi qanot yonida edi. Biz qanot ustidagi oynadan tashqariga chiqdik. So‘ngra qisilib qolgan odamlarga yordam berdik. Olti-yetti kishini olib chiqdik. Omon qolgan barcha erkaklar yordam berishdi. Qorong‘i edi, dod-voylar, yig‘i–sig‘i atrofni tutib ketgandi.

«Samolyot ikkiga bo‘linib ketganini ko‘rdik» - Maral Yerman
Avvaliga samolyot uchishni boshlaganida silkindi. Keyin esa xuddi yerga qo‘ngandek bo‘ldi. Biz bir nimaga urilgan ekanmiz. Bortda vahima ko‘tarilmadi. Baqir-chaqirlar bo‘lmadi. Men shokka tushib qolgandim, hammasini eslay olmayman. Biz nima bo‘lganini tushunmadik.

O‘zimga kelganimda oldim to‘silgan edi. Men samolyot qanotidagi o‘rindiqda edim. Styuard chiqish eshigini ochdi va tashqariga chiqdik. Shunda samolyot ikkiga bo‘linib ketganini ko‘rdik.

«Tez yordamni juda uzoq kutdik» - Gulnora Koshenova
Ertalab yettida samolyotga o‘tirdik, parvoz boshlandi, samolyot qattiq silkindi. Keyin yuqoriga ko‘tarila boshladik, yanada qattiq silkindi. Keyin esa to‘qnashuv bo‘ldi. Men xavfsizlik texnikasi bo‘yicha engashib oldim. Boshimni ko‘targanimda tutun, yana qandaydir oppoq narsa atrofni qurshab olgandi.

Baqir-chaqirlar... Kimdir halokat eshigini sindirdi va hamma tashqariga chiqdi. Yaralanganlar ko‘p edi. Kim o‘ldi, kim tirik qoldi – buni ko‘rmadim. Hamma shokda yugurardi, chunki u yerda bo‘lish og‘ir edi.

Biz voqea yuz berganida 911ga qo‘ng‘iroq qildik. Keyin aeroportga, ular bu hodisa haqida hatto bilishmabdi ham. Avvaliga aeroportning ikki xavfsizlik xodimi keldi. Keyin o‘t o‘chiruvchilar, undan keyingina tez yordam keldi. Biz tez yordamni juda uzoq kutdik.

Sovuq, qorong‘i edi, hech narsa ko‘rinmasdi. Biz nimalar bo‘layotganini ko‘rmasdik. O‘t o‘chiruvchilar kelib atrofni yoritishganidan keyin samolyotning bir qismi yo‘qligini ko‘rdik. Hamma o‘z yaqinini izlardi. Avtobus kelib, o‘zi yura olishga qodir yo‘lovchilarni olib ketdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Xuddi kinolardagidek» - Aviahalokatdan omon qolganlar hodisa qanday yuz bergani to‘g‘risida