date
views 3 035

Eronlik vazir Trampni «kostyumdagi terrorchi» deb atadi

Eronlik vazir Trampni «kostyumdagi terrorchi» deb atadi
Foto: Vahid Salemi / AP
Eron axborot texnologiyalari vaziri Javod Ozariy Jahromiy tvitterdagi sahifasida AQSH prezidentining Erondagi 52ta nishonga zarba berish haqidagi gapiga munosabat bildirdi.

«Xuddi ISHID kabi! Xuddi Gitler kabi! Xuddi Chingizxon kabi! Ularning barchasi boshqa davlatlar madaniyatidan nafratlanishgan. Tramp - kostyum kiygan terrorchidir. U tez orada hech kim Eronning buyuk millati va madaniyatini yenga olmasligini bilib oladi», deya yozgan Jahromiy.

O‘z navbatida Eron qurolli kuchlari qo‘mondoni Abdulrahim Musaviy ham Trampning so‘zlariga munosabat bildirgan va AQSHda Eron islom respublikasi bilan urushga kirishish uchun «jasorat yetishi»ga shubha bildirgan.

«Kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mojaroda, menimcha ularda (amerikaliklar) bu ishni qilishga jur’at yetishmaydi», degan u.

Bundan avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp Tehron amerikaliklarga yoki Qo‘shma Shtatlar ob’ektlariga hujum qilsa, Erondagi 52 ta ob’ektga zarba berilishi haqida ogohlantirgandi. Shuningdek, 52 raqami - 1979 yildagi inqilob vaqtida Tehrondagi AQSH elchixonasining garovga olingan xodimlari sonini ifodalaydi.

Rasmiy Tehron Iroq poytaxtida Eron islom inqilobi muhofizlari korpusining maxsus «Al-Quds» bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishiga javoban AQSHning Yaqin Sharqdagi ob’ektlariga hujum uyushtirish bilan tahdid qilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Eronlik vazir Trampni «kostyumdagi terrorchi» deb atadi