
“Ukraina gaz transporti operatori” kompaniyasi bosh direktori Sergey Makogon “Turk oqimi” ishga tushishi bilan Ukraina har yili 450 million dollarlik tushumdan mahrum bo‘lishini bildirdi.
Makogon rasmiy Kiyev bu sohada yangi bozorlarni qidirishini aytib o‘tdi.
“Mamlakatimizdan o‘tgan ushbu gaz o‘tkazuvchi quvurning imkoniyatlarini boshqa yetkazib beruvchilarga taklif qilamiz. Agar bu mintaqada gaz resurslari paydo bo‘lsa va Ukrainaga import qilish uchun iqtisodiy jihatdan mos kelsa, yetkazib beruvchilar bizning quvurlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi”, dedi u.
Makogon ilgariroq “Turk oqimi”ning ishga tushirilishi Ukraina orqali o‘tuvchi Rossiya gazi tranzitini 2020 yilda 15 milliard kub metrga qisqartirishini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot o‘rnida
“Turk oqimi” – 2020 yil 8 yanvar kuni ishga tushirilgan gaz o‘tkazuvchi quvurlar tizimi. Gaz o‘tkazgichning suv ostidan o‘tgan qismi Rossiyaning Krasnodar o‘lkasi Anapa tumanidagi Qora dengiz qirg‘og‘idan boshlanib, Turkiyaning Kirklareli viloyati Vize tumanidagi Kiyiko‘y shaharchasi yaqinida tugaydi va shu yerda quruqlikdagi qismiga ulanadi. Gaz o‘tkazgichning umumiy uzunligi 1 100 km bo‘lib, uning 910 kmlik asosiy quvurlari Qora dengiz ostidan o‘tgan.

Anapa shahri qirg‘og‘idan boshlangan suv osti gaz quvurlari butun Qora dengizni kesib o‘tib, Kiyiko‘y shaharchasi yaqinida quruqlikka chiqadi
Ushbu gaz o‘tkazgich orqali bir yilda 31,5 milliard kub metr gazni tranzit qilish mumkin. Buning 15,75 milliard kubi Turkiyaning o‘zi va qisman Gretsiya uchun, qolgan 15,75 milliard kubi esa Bolqon yarim oroli bo‘ylab Bolgari va Serbiya, keyin esa Vengriya va Slovakiya davlatlarining iste’moli uchun mo‘ljallangan.
“Turk oqimi”ning eng quyi nuqtasi Qora dengiz sathidan 2 200 metr chuqurlikdan o‘tgan.

2020 yil 8 yanvarda rasman ishga tushgan "Turk oqimi"dan tashqari Turkiya Rossiyadan Qora dengizning sharqidan o‘tgan "Moviy oqim" orqali ham gaz oladi
“Turk oqimi”ni qurish haqidagi Turkiya-Rossiya shartnomasi 2015 yil 27 yanvarda og‘zaki tarzda kelishib olingan. Undan keyingi ikki davlat rahbarlari va mansabdor shaxslari uchrashuvlarida gaz o‘tkazgichning yo‘nalishlari, shartnoma qiymati aniqlangan. 2016 yil 10 oktabrda Moskvada prezidentlar – Rajab Toyyib Erdo‘g‘on va Vladimir Putin hozirligida Rossiya energetika vaziri Aleksandr Novak va uning turk hamkasbi Barot Albayroq rasmiy shartnomani imzolashi bilan bu loyihani amalga oshirish boshlandi.
Qurilish ishlari Rossiya hududida 2017 yil 7 mayda boshlanib, 2019 yil 19 martda suv ostidan o‘tgan qismning ikkinchi uchi Turkiya hududida quruqlik qismidan boshlanuvchi quvurga ulandi. Ayni shu jihatdan jahon rekordi o‘rnatildi: bir kunda dengiz ostida o‘rtacha 6,27 km quvur yotqizildi. 2019 yil 18 oktabrda quvurlardan biri gaz bilan to‘ldirildi va shu bilan loyiha amalda yakunlandi.
Ishga tushishigacha 7 milliard AQSH dollari sarflangan “Turk oqimi”ning rasmiy ochilish marosimi 2020 yil 8 yanvar kuni Turkiya va Rossiya prezidentlari ishtirokida Istanbul shahrida bo‘lib o‘tdi.
Turk OqimiUkraina GazGaz O‘tkazuvchi QuvurMintaqada GazRossiya EnergetikaIqtisodiy Jihatlar O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar