date
views 3 957

Tramp millatga murojaat qildi, Pelosi uning nutqi matnini yirtib tashladi (video)

Tramp millatga murojaat qildi, Pelosi uning nutqi matnini yirtib tashladi (video)
Donald Tramp Kongressdagi murojaati vaqtida Vakillar Palatasi spikeri Nensi Pelosiga qo‘l uzatishdan bosh tortdi. U esa prezidentning nutqi yozilgan qog‘ozlarni yirtib tashladi.

AQSH prezidenti Donald Tramp 4 fevral kuni kongressda an’anaviy tarzda millatga murojaat qildi.
O‘z chiqishini boshlashdan avval u vitse-prezident Mayk Pens va Vakillar Palatasi spikeri Nensi Pelosiga hisoboti nusxalarini topshirdi. Pelosi xonim bu vaqtda unga qo‘lini uzatdi, ammo prezident uning qo‘lini siqishdan bosh tortdi.

Foto: Twitter/@SpeakerPelosi
Nutqi davomida o‘z ma’muriyatining iqtisodiy muvaffaqiyatlarini to‘lqinlanib so‘zlagan Tramp bugun o‘zining impichmenti bo‘yicha o‘tkaziladigan ovoz berish jarayoni haqida churq etmadi.
Donald Tramp nutqini yakunlayotganida uning ma’muriyati amerikaliklarga yangi tashabbuslar va yangi yutuqlar taqdim etishini bildirdi.

«Bizning ruhimiz hali yosh, quyosh hamon nur sochmoqda, ilohiy rahmat porlamoqda, mening fuqarolarim, eng yaxshilari hali oldinda», - deya yakunladi AQSH prezidenti.
Kongress yig‘ilishi zalidagi respublikachilar uning va’dalarini olqishlar bilan kutib olishdi va Donald Trampning qayta saylanishiga chaqiruvchi mashhur shiorni takrorlashdi: «Yana to‘rt yil!».

Uning murojaati kichik mojaro bilan yodda qoladigan bo‘ldi. Vakillar Palatasi spikeri Nensi Pelosi esa Tramp o‘z so‘zlarini tugatgach o‘rnidan turdi va namoyishkorona tarzda oldida turgan qog‘ozlarni - prezidentning nutqi yozilgan matn nusxalarini parcha-parcha qilib yirta boshladi.

Yig‘ilishdan keyin Politico nashri muxbirining bu boradagi savoliga javob berar ekan, spiker o‘z harakatini «iltifot» deb atadi. «Boshqacha ish tutishim ham mumkin edi, lekin men eng iltifotli javobni qaytardim. Bu haqiqiy iflos nutq edi», - degan Nensi Pelosi.

Respublikachilar va Demokratlar partiyasi vakillari bo‘lgan Tramp va Pelosi ancha vaqtdan buyon o‘zaro nizolashmoqda. Siyosatchilar o‘rtasidagi ziddiyat Vakillar Palatasi tomonidan Trampga qarshi e’lon qilingan impichmentdan keyin keskinlashdi. 5 fevral kuni AQSH Senatida impichment bo‘yicha ovoz berish jarayoni o‘tkaziladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp millatga murojaat qildi, Pelosi uning nutqi matnini yirtib tashladi (video)