15:08 / 14.02.2020
3 241

Suriyadagi eskalatsiya: Rossiya va Turkiya yangi ziddiyat yoqasidami?

Suriyadagi eskalatsiya: Rossiya va Turkiya yangi ziddiyat yoqasidami?
Foto: Getty Images
Fevral oyi boshida Suriyaning Idlib provinsiyasidagi vaziyat cho‘g‘ ola boshladi. Shu haftaning dushanba kuni Asad armiyasi bergan artilleriya zarbalari oqibatida turk harbiylari halok bo‘ldi. Turkiyadagilar nafaqat javob zarbasi qaytarishni, balki Rossiya bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishni ham talab qila boshlashdi.
Bi-bi-si yuzaga kelgan vaziyat Anqara va Moskva o‘rtasidagi keng ko‘lamli mojaroga olib kelishi ehtimolini ko‘rib chiqqan.

Nima bo‘lmoqda?
Prezident Bashar Asad boshqaruvidagi Suriya armiyasi o‘tgan yil dekabrida Eron ta’siridagi kuchlar bilan birgalikda mamlakat shimoli-g‘arbidagi Idlib viloyatiga yurish boshlagan. Bu Turkiyaning jiddiy xavotirlariga sabab bo‘lgan.

Birinchidan, Idlib Turkiya uchun strategik jihatdan muhim hudud hisoblanadi. Anqara bu hududni o‘z ta’siri ostida bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. 2017 yildagi Sochi kelishuviga ko‘ra, Idlibda harbiylardan xoli zona tashkil etilishi, bu kelishuvga rioya etilishi og‘ir texnikalar bilan jihozlangan turklarning harbiy postlari nazorat qilishi kerak edi.

Suriya shimolida kuchlar taqsimoti
Yanvar oyi oxiri va fevral oyi boshida Suriya armiyasining Idlibda qaytarib olish uchun olib borgan harbiy harakatlari vaqtida turkiyalik harbiylar halok bo‘lishdi. Agar endi Anqara Idlibdagi pozitsiyalarini boy bersa, o‘z uyida Erdo‘g‘anning reputatsiyasiga jiddiy zarar yetadi.

Turkiyadagilar Asadning yurishi Rossiya ishtirokisiz kechmayotganiga amin / GETTY IMAGES
Ikkinchidan, Idlib ustiga yurish davomida Asad kuchlari nafaqat terrorchilarga, balki Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan muxolifatchilarga ham zarba bermoqda.

Turkiyalik harbiy mutaxassislar tomonidan o‘qitilgan va Turkiya tomonidan qurollantirilgan bo‘linmalar «Milliy armiya»ga birlashgan (avval ular «Ozod Suriya armiyasi» edi). Anqara «Milliy armiya» bilan ittifoqdan voz kecholmaydi, ular Turkiyaga kurd otryadlari va radikal kuchlarga qarshi kurashda yordam berib kelmoqda.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Suriyada 14 nafar turkiyalik harbiy halok bo‘lgan. Erdo‘g‘an agar Idlibda yana bir turk askari jabrlansa, Anqara Suriya kuchlariga «har qayoqda» javob zarbalari berishini ma’lum qilgan.

Turkiya prezidenti hatto ultimatum qo‘ygan: fevral oyi oxirigacha Rossiya tomonidan qo‘llanayotgan Asad kuchlari Idlibdan chekinishi va turklarning postlari atrofidan ketishi kerak.

«Halokat yoqasida»

Hududi u qadar katta bo‘lmagan Idlibda Suriyaning turli chekkalaridan kelgan 3-4 million qochqin yashamoqda
Anqarani tashvishlantirayotgan yana bir jihat - qochqinlar bilan bog‘liq vaziyatdir.

Erdo‘g‘an Suriya va Rossiyani Idlibda qasddan tinch aholiga zarbalar berishda ayblagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya yordamida Asad harbiylari «Idlibning begunoh va himoyasiz ahlini Turkiya tomonga haydamoqda». Bu esa Turkiyaning Suriya bilan chegarasida gumanitar falokatga olib kelishi mumkin.

Gap shundaki, Idlibda qochqinlarning ulkan oqimi paydo bo‘lgan. Gumanitar tashkilotlarning ma’lumotlariga ko‘ra, provinsiyada ayni vaqtda 3,5 mln atrofidagi odam boshpanasiz qolgan. Suriyaning turli joylaridan Asad kuchlari nazorati ostida yashashni istamagan minglab odamlar Idlibga oqib kelishi davom etmoqda.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yil dekabridan buyon, Asad armiyasi Idlibga yurish boshlagach, hududdagi yarim milliondan ortiq kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi. Qochqinlar lagerlari to‘lib-toshgan. Turkiya hukumati boshqa qochqin qabul qila olmasligini bildirgan.

Dekabr oyidan buyon 600 ming kishi boshpanalarini tark etishga majbur bo‘ldi / AFP
Turkiyaning ogohlantirishicha, xuddi 2015 yilda bo‘lgani kabi Yevropaga qochqinlarning yangi oqimi yopirilishi mumkin. O‘shanda Yevropa Ittifoqi davlatlari Yaqin Sharqdan noqonuniy muhojirlar oqimini nazorat qila olmay qolgandi.

O‘zaro ziddiyat ro‘y beradimi?

Turkiya Idlibga yana 12 ming harbiysini joylashtirib bo‘ldi / ANADOLU AGENCY
Suriyadagi ziddiyat bo‘yicha turkum kitoblar muallifi, tahlilchi Jozef Daerning fikricha, Suriyadagi rejim bilan keng ko‘lamli to‘qnashuv yuzaga keladigan bo‘lsa ustunlik Turkiya tomonida bo‘ladi. Ammo, shunga qaramasdan, Turkiya, aftidan Rossiya bilan munosabatlari yana sovuqlashishini istamaydi va vaziyat keskinlashishidan qochishga urinmoqda.

«Moskva - Damashqni istalgan vaqtda jilovlay oladigan va Asadning Turkiyaga qarshi rejalarini to‘xtata oladigan yagona o‘yinchidir. G‘arb davlatlari tomonidan yakkalantirib qo‘yilayotgan Turkiya ham Rossiya bilan yaxshi aloqalar saqlanib qolinishini istaydi», - deya qayd etadi professor Daer.

Bi-bi-sining Turkiya xizmati bo‘yicha jurnalisti Goksedefning qayd etishicha, Turkiya va Rossiya munosabatlaridagi keskinlashuv shu darajaga yetganki, buni 2015 yildagi voqealarga tenglashtirish mumkin, o‘shanda turk harbiylari Rossiyaning qiruvchi samolyotini urib tushirgandi. Ammo Anqara o‘sha voqeadan katta saboq olgan.

Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Aleksey Yerxov Idlibdagi keskinlashuv ortidan unga turli tahdidlar kela boshlaganini ma’lum qilgan. Rossiyaning avvalgi elchisi Andrey Karlov 2016 yil dekabrida Anqarada otib o‘ldirilgandi.

«Bir tomondan, Erdo‘g‘an ichki siyosat maydonida ochko yo‘qotishni istamaydi. Ammo shu bilan birgalikda, Rossiya bilan muhim iqtisodiy munosabatlari buzilishiga ham rozi bo‘la olmaydi. Shu yil boshida Turkiya va Rossiya prezidentlari Rossiya tabiiy gazini Turkiya hududi orqali Janubiy Yevropaga tashuvchi TurkStream gaz quvurini ochib berishgandi.

Bashar Asad armiyasi askarlari / Getty Images
Vaziyatdan chiqish yo‘li yagona - siyosiy masalalarni muzokaralar orqali hal qilish. Harbiy muammolar esa - gibrid urushlar vositasida hal etiladi. Suriyadagi nizoning barcha ishtirokchilari hududda o‘z ta’sirida harakatlanadigan otryadlarga ega», - deya qayd etadi jurnalist.

Moskva tomonga qator tanqidlar bildirayotgani bilan prezident Erdo‘g‘an ayni vaqtda Suriyada o‘zaro dushman tomonlarda turgan Turkiya va Rossiya tushunmovchilikni tinch yo‘l bilan hal etishga urinishi kerakligini ta’kidlamoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Suriyadagi eskalatsiya: Rossiya va Turkiya yangi ziddiyat yoqasidami?