date
views 4 433

Saida Mirziyoyeva Butunjahon ayollar forumida nutq so‘zladi (foto)

Saida Mirziyoyeva Butunjahon ayollar forumida nutq so‘zladi (foto)
16-17 fevral kunlari BAAning Dubay shahrida Butunjahon ayollar forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Forumning dastlabki kunida O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva nutq so‘zladi.

«Kelajak haqida fikr yurituvchilar va innovatorlarga ayollar, yosh avlodning kelajagi, zamonaviy dunyoda ular duch kelayotgan qiyinchiliklarni muhokama etish hamda biz ko‘rishni istaydigan kelajakni loyihalash uchun Birlashgan Arab Amirliklaridan yaxshiroq joy yo‘q», – dedi Mirziyoyeva nutqi avvalida.

U BAAning «taraqqiyotga qanchalik tez erishish mumkinligini ko‘rsatuvchi namuna» ekanini ta’kidlab, mamlakatning istisnolarsiz butun jamiyat uchun xavfsiz hududga aylana olganini e’tirof etdi.

«Biz bugun bu yerda ekanimizning boisi – tajriba almashish, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash va ruhlantirish, qolaversa jamiyatlarimizdagi ayollarning rolini oshirib, ularga insoniyat sivilizatsiyasiga o‘z hissalarini qo‘shish imkonini yaratib berishdir.
Shunga aminmanki, o‘zbek ayollarining ham dunyoga aytar so‘zi bor – ular insoniyatning iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘sha olishadi
», – dedi Saida Mirziyoyeva.

O‘zbekiston vakili mamlakat tarixining og‘ir sinovli yillarini eslab o‘tib, bu davrlarda ham ayollar jamiyat hayotida kechgan voqeliklarning ajralmas qismi bo‘lib kelganini ta’kidladi.

«O‘zbekistonning uzoq tarixi – ayollarimizning ham o‘tmishidir. Shoirlar, davlat rasmiylari, diplomatlar, muhandislar, hamshiralar, rafiqa va onalar. Bu nozik sharqona san’at bo‘ladimi, yoki qat’iy va aniq fanlarmi – o‘zbek ayollari barcha sohalarda a’lo darajada ilgarilab borishdi, ammo soyada qolib kelishdi.

Ularga boshlarini baland ko‘tarib, o‘z qobiliyatlari va mahoratlarini qo‘rqmay, cheklovlarsiz ko‘rsata olish imkonini beradigan vaqt keldi
», – dedi Mirziyoyeva.

U o‘z so‘zida O‘zbekiston ayollar va imkoniyati cheklangan shaxslarning huquqlari yuzasidan BMT, YEXHT, Jahon Banki, Islom Taraqqiyot Banki kabi xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikda ish olib borayotgani, mamlakatda gender tengligiga katta e’tibor qaratilayotgani haqida gapirib o‘tdi.

«Buvim ikkinchi jahon urushi yillarida turmush o‘rtog‘ini ham ruhan, ham moliyaviy jihatdan qanday qo‘llab-quvvatlaganini yaxshi eslayman. Onamning otam va biz farzandlariga cheksiz madad va mehr-muhabbatini ayamagani doim yodimda turadi», – deydi Saida Mirziyoyeva.

O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash komissiyasi a’zosi so‘zida davom etar ekan, mamlakat taraqqiyotida katta yutuqlar qo‘lga kiritilayotgani, shu bilan birga jamiyat yangi tahdidlar bilan to‘qnash kelayotganini aytib o‘tdi.

«Bu jarayonlarning barchasida ayollar eng oldingi qatorlarda turishibdi – qishloq joylarda resurslar yetishmovchiligidan aziyat chekishyapti. Shaharlarda esa oiladagi ayollik majburiyatlarini kasbi bilan qo‘shib bajarishda qiyinchilikka uchrashyapti.

Davr taqozosi bilan biz ham yaxshi ona, ham yaxshi mutaxassis bo‘lishimiz, jamiyatimning old qatorlarida yurish bilan birga oiladagi moliyaviy barqarorlik haqida qayg‘urishimiz lozim
», – dedi u.

Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston rivojiga katta hissa qo‘shgan avvalgi avlod vakillari bo‘lmish ayollar mamlakatdagi hozirgidek gender tengligini tasavvur ham qilishmaganini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

«Bugungidek imkoniyatlarga egaligimiz uchun onalarimiz va buvilarimiz oldida qarzdormiz. Ular erishgan natijalarni saqlab qolish barobarida keyingi avlod qizlari uchun yangi marralarga yetishimiz, stereotiplarni yengib o‘tib, bu o‘zgarishlarni kundalik hayotning bir qismiga aylantirish mas’uliyati yelkamizda turibdi», – deya qayd etdi Mirziyoyeva.

Uning fikricha, bu yo‘ldagi eng qiyin masala – ayollarning o‘zlarini ular eng yaxshisiga munosib ekanini ishontira olishdir.
«Bizning ayollarimiz jahon taraqqiyotiga hissa qo‘sha oladilar. Bizning vazifamiz esa ana shuning uchun zamin yaratib berish.

Eng mushkul vazifa – ayollarimizning o‘zlarini ular eng yaxshisiga munosib ekanliklariga ishontirishdir. Oldimizda qiyin yo‘l turibdi, ammo bu shunga arziydi. Ayollarimizga kuch bag‘ishlash orqali biz millatimizga kuch beramiz, insoniyatni mustahkamlaymiz!
» – deya o‘z nutqini yakunladi Saida Mirziyoyeva.

Saida Mirziyoyeva AQSH prezidentining maslahatchisi Ivanka Tramp (chapda) va Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi ijrochi direktori Kristalina Georgiyeva (o‘rtada) bilan

BAA Vitse-prezidenti va Bosh vaziri, Dubay amiri Muhammad bin Rashid Al-Maktum bilan

Dubay valiahd shahzodasi Shayx Hamdan bin Muhammad Al Maktum bilan
Eslatib o‘tamiz, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisining o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Dubay amirligi shayxi Manal bint Muhammad bin Rashid Al Maktum zoti oliyalari taklifiga binoan Dubayda bo‘lib turibdi.

Ikki kunlik anjumanda 87ta davlatdan jami 3 mingdan ortiq delegat qatnashmoqda. Forum doirasida 60dan ziyod vorkshop va sessiyalarda turli mavzular muhokama qilinadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Saida Mirziyoyeva Butunjahon ayollar forumida nutq so‘zladi (foto)