
Foto: «Anadolu Ajansı»
Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on turk askarlari Suriya hududiga mahalliy xalq so‘roviga ko‘ra kirganini ta’kidladi.
Turkiya Suriya boyliklari yoki hududiga ko‘z tikayotgani yo‘q. Bu haqda Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 29 fevral kuni Istanbulda deputatlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Turkiya 4 millionga yaqin suriyalik qochqinni bag‘riga olgan. Suriyaning Idlib muzofotidagi beqarorlik sabab yana 500 ming qochqin Turkiya chegarasida turibdi. Ammo Turkiya qochqinlarni yangi to‘lqinini qabul qilish imkoniga ega emas.
Rajab Toyyib Erdo‘g‘onga ko‘ra, Turkiya Suriyaning nefti yoki hududini qo‘lga kiritishga harakat qilayotgani yo‘q. Maqsad Idlibda xavfsiz hudud yaratishdan iboratdir.
Avvalroq Turkiya Prezidenti devoni Kommunikatsiyalar departamenti rahbari Faxriddin Altun ham Tvitterda mazkur masalada bayonot bergan edi.
«Turkiya o‘z-o‘zini himoya qilish huquqini amalga oshirmoqda va Idlibda gumanitar falokatning oldini olish bo‘yicha operatsiyalarda xalqaro huquqqa tayangan holda harakat qilmoqda», deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, Suriya rahbari Bashar Asad nafaqat o‘z xalqiga, butun dunyoga, jumladan, Turkiyaga ham tahdid solmoqda. F.Altunga ko‘ra, rasmiy Anqara bu vaziyatda qo‘l qovushtirib tura olmaydi.
«O‘tmishda ro‘y bergan Ruanda va Bosniyadagi kabi qirg‘inlar Idlibda ham takrorlanishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Qahramon askarlarimizning qonini yerda qoldirmaymiz. Askarlarimizning o‘limiga sababchi bo‘lganlar qilmishlariga yarasha badal to‘lamaguncha Suriyadagi harbiy faoliyatimiz davom etadi. Qotil rejim Ostona jarayonidagi majburiyatlarini bajarishdan bosh tortmoqda», deydi Faxriddin Altun.
Ta’kidlanishicha, Asad rejimi millionlab suriyaliklarni Idlibdan haydab chiqarish, shu bilan birga, mamlakatni muxoliflardan tozalashni maqsad qilgan.
«Rejim mintaqani muxoliflardan tozalashga intilyapti. Bundan ko‘z yumolmaymiz. Millionlab tinch aholi ustiga bir necha oydan beri bombalar yog‘dirmoqda. Ko‘plab tuzilmalar, jumladan, maktab va shifoxonalar rejim tomonidan tizimli ravishda nishonga olinmoqda. Ko‘z o‘ngimizda asta-sekin qirg‘in amalga oshirilmoqda. Ongli insonlar va nufuzli shaxslar bu qirg‘inga nisbatan o‘z e’tirozini bildirmog‘i lozim», deb hisoblaydi Turkiya Prezidenti devoni Kommunikatsiyalar departamenti rahbari.
Qayd etilishicha, Turkiya Ostona va Sochi kelishuvlarida bergan va’dalarini bajarib, qochqinlarga yordam bermoqda. Xalqaro hamjamiyat ham tinch aholini himoya qilish uchun choralar ko‘rishi maqsadga muvofiqdir. Rasmiy Anqaraga ko‘ra, Ostona jarayonining kafolatchilari bo‘lgan Rossiya va Eron ham Idlibdagi zo‘ravonliklarni kamaytirish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishi lozim.
Faxriddin Altun Turkiya hukumati yuz minglab suriyaliklarning o‘ldirilishiga mas’ul bo‘lgan Asad rejimiga javob zarbalar qaytarishda davom etishini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, rejimning pozitsiyalari ham havodan, ham quruqlikdan nishonga olingan.
Eslatib o‘tamiz, 27 fevral kuni Bashar Asad kuchlari tomonidan amalga oshirilgan havo hujumlari oqibatida 33 nafar turk harbiysi halok bo‘ldi, yana o‘nlab askarlar jarohatlandi. Mazkur hujum ortidan Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on boshchiligida milliy xavfsizlik yig‘ilishi o‘tkazilgan. Turkiya rahbari ushbu hodisani dunyoning yetakchi siyosatdonlari, jumladan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muhokama qilgan.
So‘nggi xabarlarga qaraganda, Turkiya harbiy kuchlari Asad armiyasiga javob zarbasi bergan va 56 nafar suriyalik askar hamda bir qator harbiy texnika yo‘q qilingan.
BMT Xavfsizlik kengashi Idlibdagi ziddiyat yuzasidan shoshilinch yig‘in chaqirgan. Turkiyaning BMTdagi maxsus vakili Faridun Sinirlio‘g‘li ushbu yig‘ilishda rasmiy Anqara urushni istamasligi, ammo mamlakat xavfsizligiga tahdid tug‘ilsa, hech ikkilanmay kuch ishlatilishini bildirgan.
S.Salim
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar