19:57 / 09.03.2020
3 521

Taniqli iqtisodchi prezident Putinning fikrini tanqid qildi

Taniqli iqtisodchi prezident Putinning fikrini tanqid qildi
Foto: «TASS»/Vladimir Putin
Taniqli iqtisodchi Sergey Guriyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinning hokimiyat va vorisiylik borasida fikrini tanqid qildi.

Gap shundaki, V.Putin 6 mart kuni jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvda prezidentlikka saylanish borasidagi cheklov xususida gapirar ekan, ayni paytda Rossiya uchun hokimiyat almashuvidan ko‘ra barqarorlik muhimroq ekanini ta’kidlagan edi. Prezidentga ko‘ra, mamlakatning o‘ziga ishonchi ortib, resurslar ko‘payganidan keyingina hokimiyat almashuvi haqida gapirgan ma’qul.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining sobiq bosh iqtisodchisi Sergey Guriyev V.Putinning ushbu fikriga tanqidiy munosabat bildirdi. Xususan, u mamlakat taraqqiyoti ham, aholi daromadlari oshishi ham bevosita hokimiyat almashuviga bog‘liq ekanini ta’kidladi. S.Guriyev Rossiya rahbariga bu haqda biror kishi og‘iz ochmaganidan taassuf izhor qildi.

O‘z davrida Rossiya iqtisodiy maktabi rektori vazifasida ishlagan Sergey Guriyev 2013 yildan beri Fransiyada yashaydi. Parijdagi nufuzli oliy ta’lim dargohi – Siyosiy fanlar maktabi professori lavozimida faoliyat yuritayotgan iqtisodchi prezident Putin siyosatining tanqidchilaridan sanaladi.

Vladimir Putin 1999 yildan buyon Rossiyani idora etib kelmoqda (u 2008-2012 yillarda hukumat rahbari lavozimida faoliyat yuritgan). Amaldagi Konstitutsiyaga ko‘ra, 2024 yilda uning prezident sifatidagi vakolat muddati tugaydi. Avval xabar qilganimizdek, hozirda Rossiya rahbarining mamlakat oliy hokimiyatida qolishining turli ssenariylari ko‘rib chiqilmoqda.

V.Putin joriy yil 20 yanvar kuni Davlat dumasiga Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini taqdim etgan. Qonun loyihasi 23 yanvar kuni birinchi o‘qishda qabul qilingan. Prezident Putinning 2024 yildan keyin mamlakat oliy boshqaruvida qay shaklda ishtirok etishi Asosiy qonunga kiritilishi kutilayotgan o‘zgarishlarga bog‘liqdir.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Taniqli iqtisodchi prezident Putinning fikrini tanqid qildi