22:44 / 22.03.2020
5 423

Britaniyalik shifokorlar koronavirusga chalinishning yana bir alomati haqida ma’lum qilishdi

Britaniyalik shifokorlar koronavirusga chalinishning yana bir alomati haqida ma’lum qilishdi
Foto: Getty Images
Hid sezgisining birdan yo‘qolishi yangi turdagi koronavirusdan zararlanishning yana bir alomati bo‘lishi mumkin, deydi Britaniya Otorinolaringologiya assotsiatsiyasi (ENT).

Shifokorlarning fikricha, ushbu alomat kasallikning boshqa belgilari kuzatilmaganda paydo bo‘lishi mumkin, ya’ni bunday bemorlar Covid-19’ning yashirin tashuvchisi bo‘lishi ehtimol yuqori.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu alomat Janubiy Koreya, Xitoy va Italiyadagi koronavirusga chalingan bemorlarda paydo bo‘lgani haqida ishonchli dalillar mavjud.

«Janubiy Koreya, Xitoy va Italiyadan ishonchli dalillar bor. Covid-19 infeksiyasini yuqtirib olganlarning ko‘pchiligida anosmiya (yun. an – inkor qo‘shimchasi va osme – hidlov, hid bilish; hid bilmaslik) rivojlangan. Germaniyada xastalanganlarning 2/3 qismida anosmiya aniqlangan. Janubiy Koreyada esa kasallarning 1/3 qismida anosmiya asosiy alomat bo‘lgan», deyiladi ENT UK bayonotida.

Ekspertlarning tan olishicha, hid bilish qobiliyatining yo‘qolishi har qanday koronavirus infeksiyasida yoki fanga ma’lum bo‘lgan 200dan ortiq boshqa infeksiyalarda ham kuzatiladi. Biroq, koronavirus pandemiyasining avj olganligi sharotida COVID-19 alomatlari yo‘q bo‘lgan insonlarda bu omilni ham hisobga olish muhimligi, hid bilish qobiliyatini yo‘qotgan insonlarga esa 7 kunga karantinda qolish tavsiya qilinmoqda.

Buyuk Britaniya, AQSH, Fransiya va Italiyaning shimoliy qismida anosmiya holatlari to‘satdan ko‘paygan, deydi Britaniya rinologlar jamiyati professori Kler Hopkins va Otorinolaringologiya assotsiatsiyasi professori Nirmal Kumar.

«Ushbu bemorlar kasallangani avvalroq aniqlanmagan ammo Covid-19’ning tez tarqalishiga yordam bergan yashirin tashuvchilardan biri bo‘lishi mumkin. Afsuski, ulardagi alomatlar hozirdagi qon tahlili o‘tkazish yoki shaxsiy izolyatsiya qilish mezonlarga mos kelmaydi», deyiladi bayonotda.

Shifokorlar ushbu alomatni yuqori isitma yoki quruq yo‘talga duchor bo‘lmagan koronavirusli bemorlarni aniqlash vositalaridan biri sifatida ko‘rib chiqishni tavsiya etishmoqda.

«Ehtimol, anosmiyali har qanday yoshdagi insondan boshqa alomatlar bo‘lmasa-da, yetti kun davomida shaxsiy izolyatsiyaga rioya qilish so‘ralsa [...], biz asimptomatik bemorlar sonini kamaytirishimiz mumkin. Ular o‘zlari bilmagan holda virusni tashib yurishadi», deyiladi ENT bayonotida.

Avvalroq, koronavirus bilan kasallangan Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari, 62 yoshli Nadine Dorris kasallikdan keyin hid va ta’m sezgisini yo‘qotganini aytgandi.

Bundan tashqari, nemis virusologi professori Hendrik Strik koronavirusning alomati sifatida anosmiya haqida gapirdi. Virusologning qo‘shimcha qilishicha, u ko‘rgan bemorlarning uchdan ikki qismida bir necha kun davomida ta’m va hid sezgisining yo‘qolishi kuzatilgan.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir kunda dunyoda yana o‘n minglab yangi koronavirus holatlari aniqlandi, kasallarning umumiy soni 321 mingdan oshdi, 13 699 kishi vafot etdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Britaniyalik shifokorlar koronavirusga chalinishning yana bir alomati haqida ma’lum qilishdi