15:20 / 06.12.2020
2 547

Tog‘li Qorabog‘da Turkiya-Rossiya qo‘shma markazi qanday tuziladi: tomonlar nega tafsilotlarni ochiqlamayapti?

Tog‘li Qorabog‘da Turkiya-Rossiya qo‘shma markazi qanday tuziladi: tomonlar nega tafsilotlarni ochiqlamayapti?
Foto: Getty Images
9 noyabrda Tog‘li Qorabog‘da imzolangan sulh bitimidan so‘ng, Rossiya va Turkiya sulh bitimi ijrosini kuzatib borish uchun qo‘shma markaz tashkil etishga kelishib oldi.

11 noyabr kuni esa Turkiya bilan Rossiya o‘rtasida Turkiya-Rossiya qo‘shma markazini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolandi, biroq munozaralar hali ham davom etayotgani sababli, bu masala bo‘yicha hech qanday tafsilot ochiqlanmadi.

Muzokaralar 1 dekabrda yakunlandi. Ikki mamlakat mudofaa vaziri o‘rinbosarlari imzo chekkach, markazni tashkil etish jarayoni boshlandi.
27 sentyabr kuni Tog‘li Qorabog‘da boshlangan urushga yakun yasagan sulh bitimidan so‘ng ushbu markaz haqida Turkiya va Rossiya turli bayonotlar berdi.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev sulh bitimining 5-moddasida bayon etilgani kabi tinchlikni saqlash markazida Rossiya bilan bir qatorda Turkiya ham bo‘lishini ochiqladi.

Anqaradan ham shunga o‘xshash bayonotlar keldi. Biroq muzokaralar davom etayotgani sababli turk askarlarining ishtiroki qanday bo‘lishi hali aniq emasligi bildirildi. Moskva esa muzokaralar paytida «turk askarlari maydonda bo‘lmasligi»ni ta’kidladi.

«Taraflarning kelishuv shartlariga rioya qilishi ustidan nazorat samaradorligini oshirish maqsadida tinchlikni saqlash markazi tashkil etiladi», deyilgan 5-moddada.

5-moddaga binoan imzolangan Turkiya-Rossiya qo‘shma markazi haqida nimalar ma’lum?
«Turkiya-Rossiya qo‘shma markazining tashkil etilishi va uning vazifalariga oid texnik tafsilotlar bo‘yicha olib borilgan muzokaralar yakunlandi, memorandum imzolandi. Markazni eng qisqa vaqt ichida faollashtirish uchun zarur ishlar amalga oshirilmoqda», deyiladi Turkiya Milliy mudofaa vazirligining 1 dekabrdagi bayonotida.

«U yerda bizning qo‘shma kuzatuv markazini tashkil etishimiz uchun xat-hujjatlarda hech qanday to‘siq qolmadi. Hozir hududni tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Qisqa fursatlar ichida u yerda do‘stlarimiz o‘z vazifalarini ado etadilar. Turkiya va Rossiya zobitlari u yerda birga ishlashadi va ular sulhga rioya qilinishini ta’minlashadi, sulhning doimiy kuchda qolishi uchun harakat qilishadi», dedi Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham 9-10 dekabr kunlari Bokuga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Ozarboyjon rasmiylarining BBC turk xizmatiga ma’lum qilishicha, ushbu tashrif markaz foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan sanaga to‘g‘ri kelmoqda.

Turkiya-Rossiya qo‘shma markazi qayerda tashkil etiladi?
Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, «ushbu markaz Ozarboyjonning ishg‘oldan ozod qilingan hududlarida tashkil etiladi», ammo aynan qayerda – bunga Ozarboyjon qaror beradi.

Kreml esa ushbu markaz Tog‘li Qorabog‘ mintaqasida bo‘lmasligini va turk askarlari bu hududga kirmasligini bildirgandi.
Ushbu ikki masala Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi kelishmovchilik keltirib chiqargani tufayli muzokaralar bir oyga yaqin davom etdi.

Rus manbalarining BBC rus xizmatiga bildirishicha, markaz Tog‘li Qorabog‘ chegarasiga «juda yaqin» va Ozarboyjon bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan hududda joylashadi. Ilgari harbiy baza sifatida ishlatilgan, ammo to‘qnashuvlarda zarar ko‘rgan bino qayta tiklanadi va markaz shu yerda tashkil etiladi.

Ozarboyjonning ikki rasmiysi ta’kidlashicha, muzokaralarda Ganja va Berde hududi nomzod sifatida ilgari surilgan, ammo Turkiya Tog‘li Qorabog‘dan uzoq masofada joylashgan Ganjaga e’tiroz bildirgan. Garchi rasmiy e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, markazni Tog‘li Qorabog‘dan 15 kilometr uzoqlikda joylashgan Berdeda tashkil etish rejalashtirilgan.

Turkiya harbiy manbalari ushbu ma’lumotni tasdiqlamadi. Ularning ta’kidlashicha, «shartnoma shartlariga ko‘ra, markazning joylashuv nuqtasi haqida ma’lumot berilishi mumkin emas».

AFP
Turk askarlarining roli qanday bo‘ladi?
Kelishuv shartlariga muvofiq, har ikki tomon ham rasmiy bayonotlarda ushbu masala bo‘yicha ma’lumot berishdan tiyilishmoqda. Biroq Rossiya xavfsizlik manbalari ushbu markaz bir yil davomida xizmat qilishini, Anqara va Boku esa shartnomada vaqt bilan bog‘liq muddatlar yo‘qligini aytmoqda.

Turkiyalik askarlarning Qorabog‘ga kirish-kirmasligi esa 11 noyabrdan beri muzokaralar kun tartibidagi eng muhim masalalardan biriga aylandi.

Anqara ushbu masalani «savdolashuv» mavzusi sifatida kun tartibida tutgan bo‘lsa-da, Moskva turk askarlarining hatto qo‘shma patrul uchun ham sohaga kirmasligini talab qilib turib oldi.

Garchi kelishuv tafsilotlari oshkor qilinmagan bo‘lsa ham, Rossiya xavfsizlik xizmati xodimining so‘zlariga ko‘ra, ruslar ortga qadam tashlamadi va turk askarlari faqat shtabda xizmat qilishi kerakligi to‘g‘risida kelishib olindi.

Ozarboyjon prezident apparatining bir xodimi turk harbiylarining sohaga kirmasligi va qo‘shma patrul xizmatlari o‘tkazilmasligi, ammo markazda xizmat qiladigan turk va rus askarlari «texnologik imkon, uchuvchisiz havo vositalari»ni qo‘llagan holda sulhga rioya qilinishini kuzatib borishini ta’kidladi.

Tog‘li Qorabog‘ chegaralaridagi qurollangan arman guruhlari qurolsizlantirilishini ham turk va rus zobitlari ushbu markaz orqali kuzatib boradi. Anqaradagi harbiy manbalar ham ushbu ma’lumotni inkor etmadi.

Ozarboyjon rasmiylari esa ushbu markazda Turkiya harbiylari ham bo‘lishi, sohadagi ma’lumotlarga texnologik imkonlar bilan erishishi va Rossiya bilan birgalikda ushbu ma’lumotni tahlil qilishini, shuningdek, «Janubiy Kavkaz siyosatida Turkiya ham so‘z sohibi bo‘lishi»ni ta’kidlamoqda; ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy kelishuvlar eslatilmoqda: «Tog‘li Qorabog‘ chegara chizig‘ida yoki bog‘lanish yo‘llarida faqat Rossiya askarlari bo‘ladi. Turkiya esa muhojirlarning ortga qaytishi va armanlarning qurolsizlanish holatini qo‘shma markazlar orqali kuzatib boradi. Ammo kelgusida ikki tomonlama kelishuvlarga ko‘ra, Turkiyaga boshqa sohalarda turli vazifalar berilishi mumkin».

O‘z navbatida Turkiya ham Ozarboyjonni qo‘llab-quvvatlashini bildirmoqda. «Ozarboyjonlik birodarlarimiz bilan mashg‘ulot va mashqlar ustida ishlashda davom etamiz. Biz bu masalalarda birodarlarimizga qo‘limizdan kelgancha yordam beramiz va haqli da’volarida ularning yonida turamiz», dedi shartnoma imzolanishi ortidan bayonot bergan Turkiya mudofaa vaziri Hulusi Akar.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tog‘li Qorabog‘da Turkiya-Rossiya qo‘shma markazi qanday tuziladi: tomonlar nega tafsilotlarni ochiqlamayapti?