23:56 / 20.01.2021
1 176

Bayden AQSH prezidenti sifatida ilk marta nutq so‘zladi

Bayden AQSH prezidenti sifatida ilk marta nutq so‘zladi
Foto: Getty Images
Jo Bayden Vashingtondagi inauguratsiya marosimida AQSHning 46-prezidenti sifatida nutq irod qildi. Uning so‘zlari The Guardian tomonidan keltirilgan.

Dastlab u AQSH Oliy sudi raisi Jon Roberts guvohligida qasamyod qilgan: «Men, Jozef Robinet Bayden, tantanali ravishda Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti vazifalarini sidqidildan bajarishga va Amerika Qo‘shma Shtatlari Konstitutsiyasini qo‘limdan kelganicha saqlashga va himoya qilishga qasamyod qilaman. Va Xudo menga yordam beradi».

«Bu Amerikaning kuni. Bu demokratiya kuni», — degan Bayden o‘z nutqi avvalida. On yanvar oyi boshida Kapitoliyga qilingan hujumni eslagan va bu hodisa amerikacha demokratiya ahamiyatini ko‘rsatganini ta’kidlagan. «Biz yana bir bora demokratiya qadrli ekanini bilib oldik. Bu soatlarda, mening do‘stlarim, demokratiya tantana qilmoqda», — degan Bayden.

O‘z nutqi davomida Bayden AQSH aholisi oqlar ustunligiga qarshi turishi kerakligini ta’kidlagan — u inauguratsiya marosimi vaqtida bu mavzuni tilga olgan ilk prezident bo‘lgani aytilmoqda.

Shuningdek, Bayden Donald Trampning to‘rt yillik prezidentligidan keyin yana birlashish vaqti kelganini aytgan. «Birlik — bu oldinga yo‘ldir», — deya qayd etgan u. Bayden o‘zining birlik haqidagi so‘zlari kimlar uchundir «ahmoqona fantaziya» bo‘lib ko‘rinishi, ammo amerikaliklarni ajratib yuborgan kuchlar, «chuqur va haqiqiy» ekanini ta’kidlagan.

Bayden koronavirus pandemiyasi mavzusiga ham to‘xtalgan. U amerikaliklar murakkab, «sinov davri»ni boshdan kechirayotganini ta’kidlagan. Prezident AQSH aholisi birdam bo‘lib, pandemiyani yengib o‘ta olishiga ishonch bildirgan.

Bayden 21 daqiqa davomida so‘zlagan. Taqqoslash uchun: Donald Trampning 2017 yildagi nutqi 17 daqiqa, Obamaning 2009 va 2013 yillardagi nutqlari 19 daqiqadan davom etgandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)