17:30 / 28.03.2021
2 329

Suvaysh kanaliga tiqilib qolgan yuk kemasi birinchi marta joyidan bir oz siljitildi

Suvaysh kanaliga tiqilib qolgan yuk kemasi birinchi marta joyidan bir oz siljitildi
Ever Given yuk kemasini Suvaysh kanalidan chiqarib olish jarayonining Xalqaro kosmik stansiyadan ko‘rinishi.
Foto: Twitter / @kudsverchkov
Suvaysh kanalida sayozlikka o‘tirib qolgan va harakatni to‘xtatib qo‘ygan 400 metrli Ever Given yuk kemasi 26 mart kuni kechqurun o‘z joyidan bir oz siljitilgan, deb yozadi Meduza.

Kemaning atrofi qazilib, 20 ming tonnaga yaqin qum olib tashlangach, uni joyidan siljitishga muvaffaq bo‘lishgan. Bu haqda The Jerusalem Post Misrdagi manbalariga tayanib ma’lum qilgan.

The Wall Street Journal gazetasi Ever Given ulkan konteyner tashuvchi kemasi 27 mart, shanba kuni kanaldan chiqarilishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.

Ever Given’ni kanaldan chiqarib olish bilan shug‘ullanayotgan SMIT kompaniyasiga egalik qiluvchi Boskalis konserni esa Suvaysh kanali orqali harakat kelasi hafta boshida, ya’ni kamida 29 mart kuniga kelib qayta tiklanishini ma’lum qildi.

Ever Given kemasini boshqaruvchi Evergreen kompaniyasi 26 mart kuni qutqaruvchilar kemaning burun qismini qum va tuproqdan tozalashda davom etayotganini ta’kidlagan edi.

Kanal ma’muriyati rahbari Usama Rabia matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, yuk kemasining sayozlikka o‘tirib qolishiga asosiy sabab shiddatli shamol bo‘lmagan. Hodisaga texnik xatolik yoki inson omili sababchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Ayni paytda Suvaysh kanaliga kirishda 321 ta kemadan iborat navbat yig‘ilgan. Kanal ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, Ever Given kemasidan kemalar muvozanatini saqlash va ularda tegishli og‘irlikni ta’minlash uchun qo‘llaniladigan 9 ming tonna ballast suv olib tashlangan.

Eslatib o‘tamiz, Xitoydan Niderlandiyaga yo‘l olgan konteynerlarni tashuvchi eng yirik kemalardan biri Ever Given 24 martga o‘tar kechasi Suvaysh kanaliga tiqilib qoldi. 400 metrlik kemani kanaldan olib chiqish harakatlari besamar ketmoqda.

Kema ushbu kanal orqali harakatni butunlay to‘xtatib qo‘ydi. Dastlab kemalar qatnaydigan yo‘lni ochishga ikki-uch kun ketishi taxmin qilingan edi. Ammo mutaxassislar ayni paytda Ever Given’ni sayozlikdan chiqarib olishga urinayotgan Boskalis kompaniyasi rahbari Piter Berdovski aytishicha, bunga haftalab vaqt ketishi mumkin. «Ehtimol, kemadan konteynerlarni, yoqilg‘i va suvni olish, shatakchilardan foydalanish va qumni yuvib yuborish kabi bir necha xil usullarni birgalikda qo‘llashga to‘g‘ri kelar», — degan u.

Keyinroq Ever Given konteyner tashuvchi kemasi atrofidagi suv tubini qazish ishlari boshlandi. Suv tubini chuqurlashtirish ishlari maxsus kemalar yordamida konteyner tashuvchi kemaning har tomoni bo‘ylab olib borilmoqda. Shuningdek, ekskavatorlardan ham foydalanilmoqda, ular kemaning old qismidagi qumni olib tashlamoqda, ulkan shatakchi kemalar esa uni kanalning chuqurroq qismiga tortib borishga urinmoqda.

Kemalar qatnovi bo‘yicha Lloyd’s List kompaniyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, Suvaysh kanalida sayozlikka tiqilib qolgan Ever Given konteyner tashuvchi kemasi tomonidan kemalar yo‘lining to‘sib qo‘yilishi jahon savdosiga soatiga 400 million dollarga tushmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Suvaysh kanaliga tiqilib qolgan yuk kemasi birinchi marta joyidan bir oz siljitildi