17:00 / 02.04.2021
1 431

Yelizaveta II an’anaga ko‘ra britaniyalik nafaqaxo‘rlarga pul solingan hamyon tarqatdi

Yelizaveta II an’anaga ko‘ra britaniyalik nafaqaxo‘rlarga pul solingan hamyon tarqatdi
Foto: Getty Images
Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II uzoq yillik an’analarga ko‘ra nafaqaxo‘rlar uchun mo‘ljallangan, maxsus zarb qilingan tangalar solingan hamyonlarni yubordi. Bu haqda qirollik oilasining saytiga tayanib, «RBK» xabar berdi.

Marosim har yili Pasxa yakshanbasidan oldin, haftaning payshanba kuni bo‘lib o‘tadi. Unda mahalliy cherkovlar va xristianlar jamiyatiga qilgan xizmatlarini e’tirof etish uchun mahalliy eparxiyalar (xristian cherkovining episkop boshchiligidagi ma’muriy-hududiy birligi) tomonidan tavsiya etilgan nafaqaxo‘rlarga qirolicha esdalik tangalarini («toza pullar») berishi kerak.

Har bir tavsiya etilgan nafaqaxo‘rga Yelizaveta II teridan ishlangan ikkita hamyon yuboradi — qizil va oq. Birinchisida oziq-ovqat va kiyim-kechak uchun sovg‘a ramzi sifatida oz miqdordagi oddiy tangalar, ikkinchisida miqdori monarxning yoshidan oshmasligi kerak bo‘lgan «toza pullar» bo‘ladi.

Bu yil zarb etilgan tangalar qirolichaning 95 yoshi va O‘nlik pul tizimining 50 yilligiga bag‘ishlandi. Shunday qilib, 95 nafar erkak va 95 nafar ayolga jamiyat va cherkovga qo‘shgan hissasi uchun 95 pensdan yuborildi.

Epidemiologik vaziyat tufayli ketma-ket ikkinchi yil hamyonlar pochta orqali yuborilmoqda. Avval qirolicha bunday sovg‘alarni yetkazish uchun cherkov va yeparxiyalarga shaxsan o‘zi tashrif buyurgan.

Ushbu an’ana milodiy 600 yilda boshlangan, zarb qilinayotgan tangalar esa 1670 yildan beri deyarli o‘zgarmagan. Ularda Yelizaveta II ning 1953 yilda toj kiydirish marosimi uchun yaratilgan portreti tasvirlangan, lekin shundan buyon umumiy muomalada bo‘lgan tangalardagi qirolicha tasviri to‘rt marta o‘zgardi.

1572 yilgacha qirolichalar odamlarga turli xil oziq-ovqat va kiyimlaridan matolarni sovg‘a tariqasida bergan, lekin qirolicha Yelizaveta I odamlar orasida nizo chiqmasligi uchun mato o‘rniga pul tarqatishni boshlagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yelizaveta II an’anaga ko‘ra britaniyalik nafaqaxo‘rlarga pul solingan hamyon tarqatdi