20:11 / 15.04.2021
3 516

Kiyev meri Vitaliy Klichko urush xavfi tufayli ukrainaliklarga murojaat qildi

Kiyev meri Vitaliy Klichko urush xavfi tufayli ukrainaliklarga murojaat qildi
Foto: Facebook
Ukraina Shaharlar assotsiatsiyasi raisi va Kiyev meri Vitaliy Klichko Rossiyaning tashqi tajovuz tahdidi sababli ukrainaliklarga va hukumatga murojaat qildi. Boks bo‘yicha sobiq jahon chempionining videomurojaati uning Facebook sahifasiga joylandi, deb yozmoqda Tengrinews.

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, tashqi tahdid sharoitida ukrainaliklar qo‘rqmasligi, markaziy va mahalliy hukumat birlashishi va siyosatchilar tortishuvlarini bir chetga surib qo‘yishi kerak.

«Bugun dushman o‘z qo‘shinlarini davlatimiz chegaralariga yaqinlashtirdi. Ular Ukraina fuqarolari orasida qo‘rquv va vahima uyg‘otishga, ichki nizolar keltirib chiqarishga harakat qilyapti. Ukraina Shaharlar assotsiatsiyasi har bir ukrainaliklarga murojaat qiladi: qo‘rqmanglar! Tekshirilmagan ma’lumotlarga ishonmanglar va ularni tarqatmanglar. Qo‘rquvni dushmanga qoldiraylik. Sovuqqon aql va ishonch bizni kuchli qiladi. Biz o‘zimizning yerimizdamiz. Haqiqat biz tomonda, shuning uchun butun dunyo bizni qo‘llab-quvvatlamoqda», — deb Klichkoning so‘zlaridan iqtibos keltirdi «Gordon» nashri.

«Markaziy va mahalliy hukumat bitta kuch bo‘lib harakat qilishi lozim. Mahalliy boshqarmalar davlatning ishonchli tayanchi hisoblanadi. 2014 yil voqealarini eslaylik, o‘shanda birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli biz ‘rus dunyosi’ni to‘xtata olgan edik. Bugun yana bir bor o‘z qudratimizni namoyish etish vaqti keldi. Birlikdagi qudratimizni. O‘z navbatida biz — mahalliy hokimiyat vakillari, shahar hokimlari — mamlakatimizni himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rishga tayyor ekanimizni bildiramiz. Har bir mintaqada biz hududiy mudofaani qo‘llab-quvvatlash, jamoat tartibini saqlash va shahar hayotini ta’minlash tizimlarining uzluksiz ishlashi uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ko‘ramiz», — deb ta’kidladi poytaxt meri.

«Ukraina Shaharlar assotsiatsiyasi siyosiy kuchlar vakillarini barcha ziddiyatlarni unutib, partiya bayroqlarini bir chetga surib, asosiy bayroq — Ukraina bayrog‘ini himoya qilishga chaqiradi. Biz Ukraina armiyasining qudratiga ishonamiz. Biz Ukraina diplomatlariga ishonamiz. Old qatorda turganlar ortidagilarning kuchli bo‘lishini talab etishini yodda tutamiz. Shunday ekan, bugun bizning vazifamiz armiyamiz va diplomatlarimiz uchun kuchli tayanch bo‘la olishdir. Qarshi tura olish uchun birlashing. G‘olib bo‘lish uchun birlashing. Ukrainaga sharaflar bo‘lsin», — dedi Klichko.

30 mart kuni Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Ruslan Xomchak Rossiyaning Ukraina chegaralarida va Qrimda qo‘shinlarini faol ko‘paytirayotgani, bu esa «davlatning harbiy xavfsizligiga tahdid solayotgani» haqida aytgan edi.

Ukraina razvedkasining ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Donetsk xalq respublikasi (DXR) va Lugansk xalq respublikasi (LXR) hududlariga muntazam bo‘linmalarni kiritishni rejalashtiryapti, shuningdek, Rossiya qo‘shinlarini Ukraina hududiga olib kirishga harakatini ham istisno qilmadi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kulebaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Donbassdagi hozirgi eskalatsiyasi (urushda qo‘shinlar sonining bosqichma-bosqich ko‘paytirilishi) so‘nggi yillardagi eng yirigi hisoblanadi. AQSH Oq uy va Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina chegarasidagi Rossiya qo‘shinlarining soni 2014 yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkichga chiqdi.

Donbassdagi vaziyat tufayli AQSHning Yevropadagi qurolli kuchlar qo‘mondonligi yuqori tayyorgarlik e’lon qildi.

13 aprel kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Rossiyaning «g‘arbiy chegaralari»ga ikkita armiya va havo-desant qo‘shinlarining uchta birlashmasi joylashtirilganini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar «qo‘shinlarning nazorat tekshiruvi»da qatnashyapti. Shuningdek, Shoyguning ta’kidlashicha, Rossiya NATOning «tahdid soluvchi harbiy harakatlari»ga javoban «choralar ko‘rmoqda».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kiyev meri Vitaliy Klichko urush xavfi tufayli ukrainaliklarga murojaat qildi