15:45 / 10.05.2021
6 395

AQSH Afg‘onistondagi qo‘shinlarini Markaziy Osiyo davlatlariga joylashtirmoqchi


Foto: Reuters
Vashington Afg‘onistondan olib chiqib ketadigan qo‘shinlarini joylashtirish uchun variantlarni ko‘rib chiqmoqda, ro‘yxatda eng birinchi bo‘lib O‘zbekiston va Tojikiston turibdi. Bu haqda The Wall Street Journal o‘z manbalari asosida xabar bermoqda, deb yozadi «RBK».

Qo‘shinlarini ushbu mamlakatlarga joylashtirish orqali AQSH Afg‘onistonda yuz berayotgan voqealarga tezkor javob qaytarish imkoniyatiga ega bo‘ladi, chunki ular Afg‘oniston bilan chegaradosh. Ammo Rossiyaning mintaqadagi kuchli ishtiroki, Xitoyning u yerdagi o‘sib borayotgan ishtiroki hamda AQSHning ushbu mamlakatlar bilan keskin munosabatlari u yerga o‘z bazalarini joylashtirish rejalarini murakkablashtirishi mumkin. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Tojikistonga hozircha hech qanday rasmiy so‘rov yuborilmagan. Hozircha bu variant AQSH Mudofaa vazirligi, Davlat departamenti va Oq uy tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Amerika harbiy qo‘mondonligi qo‘shinlar, dronlar, bombardimonchi samolyotlar va artilleriyani joylashtirish rejalashtirilayotgan bazalar Afg‘oniston hukumatini qo‘llab-quvvatlashini va «Tolibon» harakati uchun tiyib turuvchi omil bo‘lib xizmat qilishini xohlamoqda, deb yozadi gazeta. Qo‘shinlar, masalan, Kobuldagi Amerika elchixonasiga uyushtirilgan hujumga javob ko‘rsatish uchun Afg‘onistonga yaqin joylashishi kerak, deya aniqlik kiritadi u.

Bazalarni joylashtirish uchun variantlar sifatida, shuningdek, arab mamlakatlari va dengizdagi harbiy-dengiz kuchlari kemalari ham ko‘rib chiqilmoqda. Agar Afg‘oniston bilan qo‘shni mamlakatlarga qo‘shin joylashtirish imkonsiz bo‘lib chiqsa, u holda ushbu variantlar o‘rganib chiqiladi.

WSJ eslatishicha, may oyida AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Halilzad O‘zbekiston va Tojikistonga tashrif buyurgan edi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, u Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilgan. Gazeta manbasi aytishicha, O‘zbekiston va Tojikiston mintaqada zo‘ravonlik tarqalishi ehtimolidan xavotirda.

Afg‘onistonda yuz berayotgan urushdagi ishtirokining boshida AQSH O‘rta Osiyoda o‘z bazalariga ega edi. Ulardan biri O‘zbekistonda, ikkinchisi esa Qirg‘izistonda joylashgan edi. Ammo 2005 yilda amerikaliklar O‘zbekistonni tark etdi, qariyb o‘n yildan keyin Qirg‘izistondan ham ketdi.

Vashington Afg‘onistondan o‘zining 2001 yildan buyon bo‘lib turgan qo‘shinlarini olib chiqib ketishga bir necha marta va’da bergan. Aprelda Jo Bayden buni 2001 yil 11 sentabr teraktlariga 20 yil to‘ladigan sanagacha amalga oshirishni va’da qilgandi.

AQSH 2011 yildan buyon Afg‘onistondagi harbiy kontingentini asta-sekinlik bilan kamaytirishni boshladi va 2014 yilda asosiy jangovar kuchlarni chiqarib ketdi.

Mamlakatni NATO kuchlari ham tark etishi kerak, ular Afg‘onistonda harbiy bo‘lmagan missiya doirasida bo‘lib turibdi. O‘tgan hafta Yevropadagi ittifoqdoshlari AQSHdan NATO kuchlariga Afg‘onistonni tark etish uchun vaqt berish maqsadida o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishni kechiktirishni so‘radi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Mudofaa doktrinasining 10-bandida «O‘zbekistonning mudofaa sohasidagi siyosati quyidagi prinsiplarga asoslangan: o‘z hududida chet el harbiy bazalari va ob’ektlarining joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik; Qurolli Kuchlarning xorijdagi tinchlik o‘rnatish bilan bog‘liq operatsiyalarda va harbiy mojarolarda ishtirok etmasligi», — deyilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH Afg‘onistondagi qo‘shinlarini Markaziy Osiyo davlatlariga joylashtirmoqchi