17:20 / 14.07.2021
2 939

«Tolibon» Turkiyani Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib ketishi haqida qat’iy ogohlantirdi


Foto: Reuters
«Tolibon» 13 iyul kuni Afg‘onistondagi Turkiya qo‘shinlari yuzasidan rasmiy bayonot berdi, deb yozmoqda EADaily nashri.

«Turkiya rahbariyatining qarori bizning suverenitetimiz va hududiy yaxlitligimizni beparvolik bilan buzish hamda bizning milliy manfaatlarimizga ziddir», — deyiladi bayonotda. «Biz turk rasmiylarini o‘z qarorlarini bekor qilishga chaqiramiz, chunki bu ikkala davlatga ham zarar yetkazadi. Biz har qanday davlat qo‘shinlarini har qanday bahona bilan bizning mamlakatda bo‘lishini bosib olish deb hisoblaymiz. Shuning uchun bosqinchilarga qarshi hijriy 1422 yilgi (2001 yil) fatvoga asosan kurashamiz, unga ko‘ra, so‘nggi 20 yil davomida olib borilgan urush jihod hisoblanadi».

«Tolibon» vakillarining aytishicha, agar Turkiya o‘z qarorini bekor qilmasa, «barcha oqibatlar uchun javobgarlik boshqalarning ishlariga aralashadigan va bunday shoshilinch qarorlarni qabul qiladiganlar zimmasiga tushadi».

Iyun oyi boshida «Tolibon» vakili AQSH va «Tolibon» o‘rtasidagi kelishuv doirasida Turkiya ham Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishi kerakligini aytgandi.

«Tolibon» Anqaraning o‘z qo‘shinlarini Kobul aeroportini qo‘riqlash uchun qoldirish haqidagi takliflariga shu tarzda javob qaytardi. Shunga qaramay, Turkiya Kobul xalqaro aeroportida nazorat va xavfsizlik uchun o‘z harbiylarini qoldirishini e’lon qildi.

Ayni paytda Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Akar Turkiya va AQSH o‘rtasida Kobul xalqaro aeroportining boshqaruvi va xavfsizligi bo‘yicha muzokaralar davom etayotganini aytdi. Mudofaa bo‘limi boshlig‘i turk askarlari 20 yildan beri Afg‘onistonda o‘z vazifalarini ado etib kelayotganini eslatib o‘tdi.

«Bu yillar davomida biz harbiy topshiriqlarda ishtirok etmadik, xavfsizlik xodimlariga ko‘rsatma berib turdik, ob’ektlarni ta’mirlash, tiklash va qurish bilan shug‘ullandik. Olti yildan beri Kobuldagi aeroportni boshqaramiz. Bizning maqsadimiz afg‘on xalqi xavfsizligi va farovonligiga hissa qo‘shishdir. Poytaxtdagi aeroport o‘z ishini davom ettirishi kerak. Aks holda, Afg‘oniston yakkalangan davlatga aylanadi, bu xalqaro maydonda jiddiy xavf tug‘diradi», — deya vazirning so‘zlarini keltirdi Anadolu agentligi.

Shu bilan birga, u Anqara «Tolibon»ning harakatlarini, shu jumladan, O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaradagi vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatayotganini ta’kidladi. «Turkiya yo‘nalishi bo‘ylab qochqinlarning yangi to‘lqini paydo bo‘lishi masalasi biz uchun muhim. Ayni paytda bunday muammo yo‘q», — dedi Xulusi Akar.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Tolibon» Turkiyani Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib ketishi haqida qat’iy ogohlantirdi