11:50 / 30.07.2021
3 099

Xitoy «Tolibon»ni qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi


Foto: South China Morning Post
Xitoyning Tyanszin shahrida «Tolibon» delegatsiyasi va Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb yozadi Anadolu Agency.

Sinxua axborot agentligining xabar berishicha, «Tolibon» delegatsiyasini harakatning Qatardagi siyosiy byurosi rahbari Mulla Abdul G‘ani Birodar boshqargan.

Uchrashuv davomida Xitoy diplomatiyasi rahbarining ta’kidlashicha, Pekin har doim Afg‘onistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilgan hamda bu mamlakatning ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori bo‘lgan.

Vazirlik rahbari Vashingtonning afg‘on siyosati barbod bo‘lganini aytib, «Afg‘onistonni afg‘onlar boshqarishi kerak» tamoyili asosida mamlakatda iloji boricha tezroq tinchlik o‘rnatish zarurligini ta’kidladi. «Afg‘oniston afg‘on xalqiga tegishli, Afg‘oniston kelajagi va taqdirini afg‘on xalqining o‘zi hal qilishi lozim», — dedi Xitoy TIV rahbari.

Xitoy Afg‘onistondagi barqarorlikni tiklash jarayonida «Tolibon»ning rolini qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi. Shu bilan birga muzokaralar chog‘ida Van I «Tolibon»dan uyg‘ur ayirmachi tashkiloti bo‘lgan Sharqiy Turkiston Islomiy harakati bilan barcha aloqalarini uzishni talab qildi.

«Tolibon» xabarida ham harakatning 9 a’zosidan iborat delegatsiya Xitoyga ikki kunlik tashrif bilan ketgani aytilgan. Delegatsiya Xitoy tashqi ishlar vaziri bilan Afg‘onistondagi tinchlik jarayoni va xavfsizlik masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi, deyiladi xabarda.

Harakat vakillari Afg‘oniston xalqi bilan, xususan, koronavirusga qarshi kurashda olib borilayotgan doimiy hamkorlik uchun Xitoyga minnatdorlik bildirdi va Afg‘oniston hududidan biror mamlakatga qarshi foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi.

Qatardagi «Tolibon» siyosiy byurosining matbuot kotibi Muhammad Naim Twitter’dagi sahifasida uchrashuvda ikki mamlakat siyosati, iqtisodiyoti va xavfsizligi, shuningdek, Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat va tinchlik jarayoni bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinganini yozdi.

Xitoy—Afg‘oniston chegarasining uzunligi 76 kilometrni tashkil qiladi, chegara Xitoyning eng muammoli hududi — Shinjon-Uyg‘ur muxtor viloyatidan o‘tadi, viloyatda vaqti-vaqti bilan ommaviy namoyishlar yoki uyg‘ur musulmonlarining hokimiyatga qarshi qurolli harakatlari bo‘lib turadi.

Tyanszindagi muzokaralar «Tolibon» jangarilari iyul oyining o‘rtalarida Vaxon chegara tumanini o‘z nazorati ostiga olib, Xitoy bilan chegaraga yetib kelganidan keyingi birinchi muzokaralardir.

Xitoy «Tolibon» delegatsiyasini rasmiy darajada birinchi marta 2019 yil iyun oyida qabul qilgan. Ayrim xabarlarga ko‘ra, Xitoy vakillari va «Tolibon» o‘rtasidagi aloqalar Pokiston vositachiligida ancha oldin boshlangan. 2019 yilning sentabr oyida «Tolibon» Pekinga borib, mahalliy hukumat bilan «Tolibon» va AQSH o‘rtasida tinchlik bitimining shartlarini muhokama qilgan, u esa oxir-oqibat 2020 yil fevralida tuzilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoy «Tolibon»ni qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi